Registrator Ofisi

Ofis boshlig‘i:

Shaxobiddinov Alisher Shopatxiddinovich

Qabul vaqti: Dushanba-Juma (10:00-16:00)

Telefon: (+99871) 238-64-12
 

REGISTRATOR OFISI

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Registrator ofisi” (keyingi oʻrinlarda – Ofis deb yuritiladi) talabalarga akademik (transkript) va boshqa turdagi ma’lumotnomalarni, turli xil buyruqlardan ko‘chirmalar, universitet va fakultetlar haqidagi, ta’lim yo‘nalishlari va shakllari haqidagi ma’lumotnomalarni taqdim etish, talabalarga diplom (dublikat) chop qilib berish jarayoni bilan bog‘liq ishlarni tashkil etish, axborot tizimlariga talabalarni ro‘yxatga qo‘yish, elektron diplomlarni tasdiqlash, talabalarga maslahatlar va savollarga javoblar berish va shuningdek, talabalarga turli xildagi boshqa xizmatlarni koʻrsatish kabi vazifalarni amalga oshiruvchi tarkibiy tuzilma hisoblanadi.

Ofis oʻz faoliyatini Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, Oʻzbekiston Respublikasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon, qaror va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlari, Oʻzbekiston Respublikasi ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini muvofiqlashtirish bo‘yicha Davlat komissiyasi bayonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligining Hayʼat qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalari vazirligi Kuzatuv kengashining qarorlari, Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vaziri va Raqamli texnologiyalari vazirining buyruqlari, universitet Nizomi, Kengashi qarorlari, universitet rektorining buyruqlari hamda boshqa normativ-huquqiy va lokal hujjatlar, shuningdek, Registrator ofisi Nizomiga muvofiq olib boradi.

Ofis faoliyatiga universitet rektori tomonidan tayinlanadigan va lavozimidan ozod etiladigan Ofis boshlig‘i rahbarlik qiladi. Ofis boshlig‘i o‘quv ishlari bo‘yicha prorektorga bo‘ysunadi hamda fakultet, kafedra, oʻquv-uslubiy boshqarma va boshqa taʼlim tuzilmalari bilan hamkorlikda ishlaydi.

Registrator ofisi tarkibi

Registrator ofisida 1 nafar ofis boshlig‘i, 2 nafar bo‘lim boshliqlari va 14 nafar yetakchi mutaxassislar faoliyat yuritadilar.

Registrator ofisi tarkibida Xizmat ko‘rsatish bo‘limi (Front office) va Ma’lumotlar bazasi bo‘limi (Back office) faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Xizmat koʻrsatish boʻlimi (Front office)

Xizmat koʻrsatish boʻlimi (Front office) Registrator ofisi boshlig‘i ish joyida boʻlmaganida (mehnat ta’tili, xizmat safari va boshqalar) uning lavozim vazifalarini vaqtinchalik bajaradi.

Xizmat koʻrsatish boʻlimiga (Front office) talabalarning elektron platformalardan samarali foydalanishiga koʻmaklashish. Ularga buxgalteriya va marketing xizmatlari koʻrsatish, professor-oʻqituvchilar va talabalarga tizimga oid tegishli maslahatlar berish, “HEMIS”, “LMS” taʼlim platformalari va idoralararo yagona elektron hujjat aylanish “ijro.gov.uz” tizimidan foydalanish va ijrosini taʼminlash, oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilish, talabalar oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomlarga asosan universitetning elektron taʼlim platformasi orqali talabalar harakatini tashkil qilish (oʻqishini koʻchirish, akademik taʼtilga chiqarish va qaytarish, oʻqishini tiklash) va boshqa vazifalar yuklatilgan.

Ma’lumotlar bazasi bo‘limi (Back office)

Maʼlumotlar bazasi boʻlimiga (Back office) talabalarga tegishli boʻlgan statistik maʼlumotlarni yuritish hamda “HEMIS” axborot tizimiga toʻgʻri kiritilishini nazorat qilish, talabalar hujjatlarini yuritish va saqlash jarayonini muvofiqlashtirish, “HEMIS”, “LMS” taʼlim platformalari va idoralararo yagona elektron hujjat aylanish “ijro.gov.uz” tizimidan foydalanish va ijrosini taʼminlash, oliy taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan, oʻqishini koʻchirgan, qayta tiklagan va oʻqishdan chetlashgan talabalar harakatini elektron taʼlim platformasi orqali tahlil qilish va umumlashtirish ishlarini analga oshirish va boshqa vazifalar  yuklatilgan.