Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Boshlang‘ich tashkilot Yoshlar ittifoqi tashabusi bilan qilingan ishlar yuzasidan
HISOBOT
O‘zbekiston Respublikasida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy faolligini oshirish hamda jamiyat hayotidagi o‘rnini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashkil etilgan bo‘lib, mazkur tuzilma mamlakat yoshlarini birlashtiruvchi yirik jamoat tashkilotlaridan biri hisoblanadi. Yoshlar ittifoqi yoshlarning intellektual, ma’naviy va jismoniy rivojlanishini ta’minlash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda turli tashabbus va loyihalar orqali ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ham Yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Ushbu tashkilot universitet talaba-yoshlarini birlashtirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ilmiy, madaniy, sport va ijtimoiy faoliyatlarga keng jalb etish maqsadida tashkil etilgan. Batafsil ma’lumot uchun quydagi linkni bosing: O‘zbekiston Respublikasi Raqamli Texnologiyalar Vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining buyrug‘i.
Bugungi kunda universitetdagi Yoshlar ittifoqi o‘z faoliyatini tizimli ravishda olib borib, turli yo‘nalishlarda tadbirlar, loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirib kelmoqda. Xususan, talabalarning intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan tanlov va bellashuvlar, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etuvchi sport musobaqalari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar hamda ijtimoiy loyihalar muntazam ravishda tashkil etilmoqda.
Mazkur tashkilotning faoliyati natijasida talaba-yoshlarning faolligi oshib, ularning bilimga bo‘lgan qiziqishi, jamoaviylik ko‘nikmalari va ijtimoiy mas’uliyati yuksalib bormoqda. Shu bois, Yoshlar ittifoqi universitet hayotining muhim tarkibiy qismi sifatida bugungi kunda ham samarali faoliyat yuritmoqda.
2025-yil davomida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Yoshlar ittifoqi tomonidan talaba-yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Ushbu hisobotda mazkur faoliyatlar tizimli ravishda yoritiladi.
Hisobot davrida, xususan 2025-yil sentyabr oyidan boshlab, Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan turli yo‘nalishlarda ko‘plab tadbirlar tashkil etildi. Jumladan, talaba-yoshlarning madaniy hordiq chiqarishlarini ta’minlash maqsadida 9 ta konsert tadbiri tashkil etilib, ularda 380 nafar talaba qamrab olindi. Intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan 15 ta intellektual o‘yinlar o‘tkazilib, 620 nafar talaba ishtirok etdi. Sportni ommalashtirish va sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida 30 ta sport tadbiri tashkil etilib, ularda 1500 nafar yoshlar faol qatnashdi. Shuningdek, 10 ta forum va aksiyalar o‘tkazilib, 500 nafar talaba jalb etildi. Umumiy hisobda mazkur davr mobaynida 3000 nafardan ortiq talaba-yoshlar qamrab olindi.
Intellektual yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar alohida e’tiborga loyiqdir. Xususan, “Zakovat” intellektual o‘yini doimiy ravishda yuqori saviyada tashkil etilib, unda talaba-yoshlar o‘z bilimlari, mantiqiy fikrlash qobiliyatlari va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini namoyon etdilar. Ushbu bellashuvlar ochiqlik, xolislik va adolat tamoyillari asosida o‘tkazilib, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, KIF jamoasi birinchi o‘rinni, Iqtisod jamoasi ikkinchi o‘rinni, Dasturiy injiniring jamoasi esa uchinchi o‘rinni egalladi. Shuningdek, Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ham maxsus “Zakovat” o‘yini tashkil etilib, unda yoshlar tarixiy bilimlarini mustahkamlash bilan birga, milliy qadriyatlarga bo‘lgan hurmatini yanada oshirdilar.





Talabalarning tanqidiy fikrlashini rivojlantirish va erkin fikr almashish muhitini yaratish maqsadida “Munozara” klubi doirasida qator davra suhbatlari tashkil etildi. Jumladan, “Ta’limda intizom muhimmi yoki erkin fikrlash?” hamda “Yoshlar ongida milliy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligi” mavzularida o‘tkazilgan tadbirlar talabalarning fikrlash doirasini kengaytirish, nutq madaniyatini oshirish va mustaqil qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, Xalqaro talabalar kuni munosabati bilan universitet kutubxonasi fondi 100 dan ortiq badiiy adabiyotlar bilan boyitildi. Ushbu tashabbus talabalarning kitobxonlik madaniyatini oshirish va ularning bilimga bo‘lgan qiziqishini rag‘batlantirishga xizmat qildi. Shuningdek, “Milliy liboslar kuni” tadbiri keng nishonlanib, talabalar milliy qadriyatlar va urf-odatlarni targ‘ib etishda faol ishtirok etdilar. Davlat bayrog‘i kuni munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirlarda ham talaba-yoshlar faol qatnashib, milliy g‘urur va vatanparvarlik tuyg‘ulari yanada mustahkamlandi.




Sport yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilishga xizmat qildi. Universitetda Yoshlar ittifoqi kubogi doirasida futbol musobaqasi yuqori saviyada tashkil etilib, unda turli fakultet jamoalari ishtirok etdi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, AKT sohasida iqtisodiyot va menejment fakulteti birinchi o‘rinni, Kiberxavfsizlik fakulteti ikkinchi o‘rinni, Televizion texnologiyalar fakulteti esa uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, Tashkent International University of Education talabalari bilan do‘stona futbol uchrashuvi tashkil etilib, bu tadbir yoshlar o‘rtasida do‘stlik, hamjihatlik va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga xizmat qildi.


Shuningdek, armrestling sport turi bo‘yicha ham bir qator musobaqalar tashkil etildi. Universitet miqyosida o‘tkazilgan musobaqalarda talabalar turli vazn toifalarida bellashib, g‘oliblar munosib taqdirlandilar. Toshkent shahar kubogida TATU talabalari 8 nafar sportchi bilan ishtirok etib, jami 14 ta medalni qo‘lga kiritdilar, jumladan 5 ta oltin, 5 ta kumush va 4 ta bronza medal. Shahar chempionatida ham talabalar yuqori natijalarga erishib, bir nechta sovrinli o‘rinlarni egalladilar. Bu esa universitet talabalari sport sohasida ham yuqori salohiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.





Ijtimoiy va hamkorlik yo‘nalishida ham muhim ishlar amalga oshirildi. Talabalar Favqulodda vaziyatlar vazirligi Akademiyasida hamda Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va aloqa harbiy institutida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirlarida ishtirok etdilar. Ushbu tashriflar davomida yoshlar harbiy-intellektual muhit, zamonaviy texnologiyalar hamda ta’lim jarayonlari bilan yaqindan tanishib, o‘z bilim va dunyoqarashlarini kengaytirdilar. Shu bilan birga, Konstitutsiya mavzusida o‘tkazilgan ma’rifiy suhbatlar yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etdi.



Xalqaro hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Tashkent International University of Education bilan hamkorlik uchrashuvlari tashkil etildi. Ushbu uchrashuvlar davomida talabalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar taqdim etilib, yoshlarni ijtimoiy, madaniy va intellektual faoliyatga keng jalb etish masalalari muhokama qilindi hamda kelgusidagi hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi.



Yuqoridagilardan kelib chiqib, xulosa qilish mumkinki, 2025-yil davomida Yoshlar ittifoqi tomonidan amalga oshirilgan ishlar tizimli va samarali tarzda yo‘lga qo‘yilgan. Talaba-yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, ularning intellektual va jismoniy rivojlanishini ta’minlash, ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasini yuksaltirish hamda ijtimoiy faolligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishildi. Ushbu faoliyatlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi rejalashtirilgan.