21-iyun kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Boshlang‘ich tashkiloti tomonidan 2018-2019 o‘quv yili davomida qilingan ishlar yuzasidan “Yoshlar – kelajak bunyodkori” shiori ostida “YIL SARHISOBI-2019” taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan bayram dasturi davomida yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiq, raqslar, har xil shoular va universitet QVZ jamoasining chiqishlari barchaga manzur bo‘ldi. Bayramni yanada ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazish maqsadida “Eng omadli tomoshabin” viktorina o‘yini ham o‘tkazildi va bayram sovg‘alari berildi. Yil davomida o‘zining yuksak bilim-salohiyatni, san’at va madaniyatga bo‘lgan iste’dodini, sport va tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqishini namoyon etgan va o‘z tengdoshlari orasida Prezidentimiz ilgari surgan 5 ta tashabbus bo‘yicha targ‘ibot va tashviqot ishlarini amalga oshirib faol bo‘lgan talabalar sertifikat, diplom va estalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, 2018-yil 30-iyun Yoshlar kunigacha universitetining 6504 nafar talabasidan 1715 nafar talabasi Yoshlar ittifoqiga a’zo bo‘lgan edi. 2019-yilning ushbu kuniga qadar universitetining Yoshlar ittifoqi a’zolari soni 4473 nafarga yetdi. 2018-yilda o‘zlashtirish ko‘rsatkichi 86% va undan yuqori bo‘lgan 7 nafar faol va iqtidorli talabalarning 35% kontrak summasi to‘lab berilgan bo‘lsa, 2019-yilda 22 nafar talabasi ushbu imtiyozga ega bo‘lishdi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tab, imtiyoz asosida o‘qishga qabul qilingan 110 nafar faol va iqtidorli talabalarning 35% kontrakt summasi ham Yoshlar ittifoqi tomonidan to‘lab berildi. Shu bilan bir qatorda yana 1 nafar talaba 50% lik ta’lim grantini qo‘lga kiritdi. 2018-yil 30 iyungacha 65 ta, 2019-yilda esa 87 ta ma’naviy-ma’rifiy, huquqiy-savodxonlik, sport-sog‘lomlashtirish hamda talaba yoshlarning ilmiy salohiyatini oshirishga qaratilgan tadbirlar o‘tkazildi. Shuningdek, “Yoshlar-kelajagimiz” jamg‘armasidan o‘z biznes loyihalarini amalga oshirishlari uchun 50 ga yaqin yoshlarga 7%li kreditlar olishiga yo‘llanma tavsiyalar berildi.
TATU matbuot xizmati