8 may kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 7-may – “Aloqachilar kuni” hamda 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” ga bag‘ishlab, “Xotira aziz – qadr muqaddas” mavzusida tantanali tadbir tashkil etildi.
Shu kuni ertalabdan harbiy kafedrada tahsil olayotgan talabalarning harbiy ko‘rgazmali chiqishlari namoyish etildi. Soat 11.00 dan esa tadbirning ikkinchi – tantanali tabrik va badiiy qismi boshlandi. Tadbir davomida universitetda ko‘p yillar faoliyat yuritib vafot etgan professor-o‘qituvchilar xotirlandi hamda hozirda nafaqada bo‘lgan faxriy o‘qituvchi faoliyatlari esga olindi.
Tadbirda ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan baynalminalchi faxriylar va mehnat fronti faxriylari Satayev Jamaliddin Abdumo‘minovich, Yusubaliyev Savron Sarmanovich, Muslimov Sher Yuldashevich, Pojitnix Mariya Alekseyevna, Djumanov Jamoljon Xudoyqulovich larga 2 000.000 so‘mdan mukofot puli va esdalik sovg‘alari topshirildi. Tadbirga universitetda mehnat qilib hozirda nafaqada bo‘lgan faxriylar ham taklif etildi.
O‘tganlarning nomlarini yod etish, xotirasini hurmat bilan eslash, ularning arvohlarini shod qilish muqaddas odat sifatida qon-qonimizga singib ketgan. Universitetda ko‘p yillar davomida mehnat qilib, hozirda nafaqada bo‘lgan faxriylar va hozirda faoliyat yuritayotgan faxriy ustozlarimiz mehnati va matonati oldida bosh egamiz.
Bu borada Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ko‘p yillar davomida mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga o‘zining munosib hissasini qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan faxriylarimizni yodga olmasdan ilojimiz yo‘q. Ular qatorida Anvar Islomov, Faradey Abutaliyev, Rishad Sunselelev, Maxkam Kamolov, Majidullo Aripov, Marat Zaxidov, Erkin Nuriddinov, Xabib Tursunov, Mansur Ismailov, Maxmud Xaliulin, Mixail Astaxov, Nikolay Likonsev, Nikolay Vaulin, Maqsud Zuparov, Abdulla Abdunabiyev, Shodmon Nazirov, Toxir Gaipnazarov, Amanjan Abduazizov kabi fidoiy insonlar xotirasi oldida bosh egamiz.
Tadbirdan so‘ng, “Bir piyola choy ustida...” bayram dasturxoni yozilib, barcha bayram qatnashchilariga osh tarqatildi.