8 may kuni Toshkent axborot texnologiyalari universitetida 9-may – “Xotira va qadrlash kuni” ga bagʻishlab, “Xotira aziz – qadr muqaddas” mavzusida tantanali tadbir tashkil etildi.
Shu kuni ertalabdan universitet sport maydonida harbiy kafedrada tahsil olayotgan talabalarning harbiy va koʻrgazmali chiqishlari namoyish etildi. Tadbir davomida universitetda koʻp yillar faoliyat yuritib vafot etgan professor-oʻqituvchilar xotirlandi hamda hozirda nafaqada boʻlgan faxriy oʻqituvchi faoliyatlari esga olindi.
Tadbirda ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga tenglashtirilgan baynalminalchi faxriylar va mehnat fronti faxriylari Jamaliddin Satayev, Savron Yusubaliyev, Mariya Pojitnix, Jamoljon Djumanov, Ilxom Atabayev, Turdikul Alimkulov, Kamoliddin Yunusovlarga 2 500.000 soʻmdan mukofot puli va esdalik sovgʻalari topshirildi. Tadbirga universitetda mehnat qilib hozirda nafaqada boʻlgan faxriylar ham taklif etildi.
Oʻtganlarning nomlarini yod etish, xotirasini hurmat bilan eslash, ularning arvohlarini shod qilish muqaddas odat sifatida qon-qonimizga singib ketgan. Universitetda koʻp yillar davomida mehnat qilib, hozirda nafaqada boʻlgan faxriylar va hozirda faoliyat yuritayotgan faxriy ustozlarimiz mehnati va matonati oldida bosh egamiz.
Bu borada Toshkent axborot texnologiyalari universitetida koʻp yillar davomida mehnat qilib, mamlakatimiz ravnaqiga oʻzining munosib hissasini qoʻshgan va qoʻshib kelayotgan faxriylarimizni yodga olmasdan ilojimiz yoʻq. Ular qatorida Anvar Islomov, Faradey Abutaliyev, Rishad Sunselelev, Maxkam Kamolov, Majidullo Aripov, Marat Zaxidov, Erkin Nuriddinov, Xabib Tursunov, Mansur Ismailov, Maxmud Xaliulin, Mixail Astaxov, Nikolay Likonsev, Nikolay Vaulin, Maqsud Zuparov, Abdulla Abdunabiyev, Shodmon Nazirov, Toxir Gaipnazarov, Amanjan Abduazizov, Rishod Usmonov kabi fidoiy insonlar xotirasi oldida bosh egamiz!