
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Koreya Respublikasining KOICA agentligi va Kookmin universiteti hamkorligida 2022–2027-yillarga mo‘ljallangan, qiymati 5 million dollar bo‘lgan “TATUda Global IT Biznes ta’lim" dasturi doirasida Living Lab hududlari ochildi.
Loyihaning asosiy maqsadi – O‘zbekiston oliy ta’lim salohiyatini mustahkamlash, raqamli iqtisodiyot uchun AKT sohasida innovatsion iste’dodlarni yetishtirish va sanoat–akademiya hamkorligini rivojlantirishdan iborat.
Mazkur loyiha doirasida innovatsion ta’lim va ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida raqamli ishlab chiqarish ustaxonasi, 3D-printer, lazer kesgich, CNC kabi zamonaviy texnologiyalar asosida yangi g‘oyalarni amaliyotga tatbiq etish imkonini beruvchi ilg‘or ilmiy laboratoriyalar majmuasi barpo etildi.
Jumladan, Sun’iy intellekt va IoT asosida aqlli yechimlar ishlab chiqish, Mobil va veb-ilovalar prototiplarini ishlab chiqish, 3D modellashtirish, VR/AR texnologiyalarini rivojlantirish hamda tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini beruvchi ushbu laboratoriyalar xalqaro IT bozorida raqobatbardosh kadrlarni yetishritish, shuningdek, startaplar, innovatsion loyihalar va dasturiy mahsulotlarni yaratishlari uchun keng imkoniyatlar yaratadi.
Bu imkoniyatlar orqali talabalar o‘z g‘oya va startaplarini amalda sinab ko‘rish hamda xalqaro tajriba va ilg‘or bilimlarga asoslangan real loyihalarda ishtirok etish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.