TATU talabasi Prezident sovg‘asiga ega bo‘ldi!

  • Asosiy
  • TATU talabasi Prezident sovg‘asiga ega bo‘ldi!

Kuni kecha Toshkent shahridagi INNO Technoparkida “Kelajak muhandislari” respublika ko‘rik-tanlovining g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tanlovning “Eng yaxshi g‘oya”, “Eng yaxshi loyiha” va “Eng yaxshi ixtiro” yo‘nalishlarida talabalar, amaliyotchi muhandislar hamda professor-o‘qituvchilar o‘zlarining ilg‘or g‘oya va ishlanmalarini namoyish etdilar.

Tanlovning miqyosi ham e’tiborga molik: 1 925 ta ariza orasidan “Eng yaxshi loyiha” yo‘nalishiga 635 ta loyiha taqdim etilgan. Ushbu yo‘nalishda 347 nafar talaba, 177 nafar amaliyotchi muhandis va 111 nafar professor-o‘qituvchi ishtirok etgan. Saralash va akseleratsiya bosqichlaridan so‘ng 90 nafar ishtirokchi finalga yo‘l olgan.

Ana shunday kuchli raqobatda TATU talabasi Ismoilov Biloliddin Islombek o‘g‘li “Shunqor 8” loyihasi bilan barcha raqiblarini ortda qoldirib, 1-o‘rinni egalladi hamda Prezident sovg‘asi — BYD Chazor elektromobili bilan taqdirlandi

Bu natija TATU tarixida ilk bor universitet talabasi mazkur nufuzli respublika ko‘rik-tanlovining ushbu yo‘nalishida bosh sovrinni qo‘lga kiritgani bilan ham ahamiyatlidir.



TATU vakillarining yutug‘i yana bir natija bilan to‘ldirildi. Professor-o‘qituvchi kategoriyasida TATU izlanuvchisi Qodirov Zarif Zafarovich “Robocontest” loyihasi bilan 3-o‘rinni egalladi.

Muhtaram Prezidentimiz tomonidan yoshlarning bilim va salohiyatini ro‘yobga chiqarishi, innovatsion g‘oya va loyihalarini amalga oshirishi uchun yaratilayotgan keng imkoniyatlar bugun o‘zining amaliy natijasini bermoqda. TATU yoshlari esa ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanib, o‘z bilim va iqtidorini mamlakatimiz miqyosidagi nufuzli tanlovlarda namoyon etmoqda.