Barcha OTMlarning masofaviy o‘qitish platformalari vazirlikning https://dist.edu.uz/ yagona portaliga birlashtirildi. Yaʼni oliy taʼlim muassasalarining masofaviy taʼlim platformalariga o‘tish yagona portali orqali amalga oshiriladi. Bu esa OTMlar o‘rtasida resurslardan hamkorlikda foydalanish imkonini berdi.
Hozirda ushbu platformaga foydalanuvchilar tomonidan bo‘layotgan kunlik murojaatlar soni 50 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Bu, o‘z navbatida, platformaning real vaqt rejimidagi yuklamasi ortishiga olib keldi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida platforma joylashtirilgan server qurilmalarining texnik imkoniyatlari kengaytirildi va internet tezligi 2 barobarga oshirildi.
Ayni vaqtda platformaning texnik holati bo‘yicha barcha muammolar bartaraf etildi. Shuningdek, talabalarning bir qismi respublikaning chekka hududlarida yashashlarini hisobga olib, platformadan foydalanish joylardagi simli va mobil internet tezligiga ham bog‘liq bo‘lib qolmoqda. Talabalarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida barcha (GSM standartidagi) mobil aloqa operatorlari tomonidan ushbu platformadan foydalanishda internet trafiklari hisoblanishi vaqtincha to‘xtatildi. Bu ushbu platformadan foydalanish mutlaqo bepul ekanligini anglatadi.