Respublikamizdagi oliy ta’lim muassasalari – mamlakatimizga yuqori malakali, keng qamrovli bilimlarga ega bo‘lgan mutaxassislar yetkazib beradigan jamiyatimizning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Ammo, ming afsuski, bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari korrupsiyadan holi emas. Bu ko‘z yumib bo‘lmaydigan haqiqat!
Bugungi kunda Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan oliy ta’lim tizimiga, hususan, ta’lim tizimini sifatini oshirishga katta e’tibor qaratmoqdalar. Hususan, oliy ta’lim muassasalarida texnopark, forsayt, texnologiyalar transferi, startap hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qiluvchi va prognozlashtiruvchi ilmiy-amaliy muassasalar darajasiga olib chiqish, xorijiy ta’lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish bo‘yicha ko‘plab topshiriqlar berildi.
Agar biz oliy ta’lim tizimidagi juda katta muammo - korrupsiyadan qutila olmasak, yuqorida qayd etib o‘tilgan rivojlanish tendensiyalariga bardosh bera olmaymiz. Na sifatli kadr, na sifatli ta’lim bera olamiz. Bu ayni haqiqat. Agar biz bugungi yosh avlodni korrupsiya botqog‘iga botgan ta’lim tizimida ulg‘aytirsak, kelajak avlod vakillariga qanday mutaxassislar yetkazib berishimiz kundek ravshan. Davlatimizga korrupsiya “luqma”sini ta’tib ko‘rgan oliy ma’lumotli mutaxassislar yetkazib beradigan bo‘lsak, mamlakatimiz kelajagi, jamiyat rivoji tanazzulga yuz tutmaydimi?! Biz kelgusi avlodga birovning haqqidan qo‘rqmaydigan, xarom va halolni farqiga bormaydigan, mamlakat rivoji, xalk ravnaqi uchun yonib – kuymaydigan “mutaxassis”lar yetkazib beramizmi? Aslo, yo‘q.
Qachon davlat, jamiyat, xalq rivojlanishga yuz tutadi. Qachonki, nafaqat, ta’lim tizimidan, balki, jamiyatning barcha bo‘g‘inlaridan korrupsiya ildizlarini butkul chopib tashlasak. Biz, oliy ta’lim tizimida faoliyat yuritadigan mutaxassislar o‘zimizda korrupsiyaga qarshi immunitetni rivojlantirishimiz darkordir. Bunday immunitetni rivojlantirish uchun nafaqat davlat organlari, balki ta’lim sohasida faoliyat yuritadigan har bir hamkasbimiz astoyidil korrupsiyaga qarshi turmog‘imiz shart va zarur. Shundagina biz oliy ta’limni korrupsiyasiz sohaga aylantirishimiz mumkin bo‘ladi.
To‘lqin Teshabayev
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi
Toshkent axborot texnologiyalari rektori,
iqtisod fanlari doktori, dotsent.