HiEdTech loyihasi qatnashchilarining birinchi yig‘ilishi

  • Asosiy
  • HiEdTech loyihasi qatnashchilarining birinchi yig‘ilishi

Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professor o‘qituvchilari joriy yilning 11-16 mart kunlari Bolgariyaning “Angel Kanchev” Ruse universitetida ERASMUS+ loyihasi doirasida tashkil etilgan dastlabgi uchrashuvga qatnashishdi. 598092-EPP-1-2018-1-BG-EPPKA2-CBHE-SP sonli loyiha “Yangi texnologiyalar orqali Markaziy Osiyoda oliy ta’limni takomillashtirish”ga qaratilgan bo‘lib, uchrashuvda Yevropadan Bolgariya, Italiya, Portugaliya, Luksemburg va Markaziy Osiyodan O‘zbekiston, Qozog‘izton, Turkmaniston, Tojikiston va Qirg‘iziston davlatlaridan 15 ta oliy ta’lim muassasalari va oliy ta’lim vazirligidan, jami 54 nafar ishtrokchi qatnashdi.

Loyihada Yevropa va Markaziy Osiyodan ishtirok etuvchi universitetlarning imkoniyatilari, xalqaro darajadagi hamkorligi va o‘quv jarayonlarida innovatsion ta’lim texnologiyalaridan foydalanish darajasi tanishtirildi. Shuningdek, “Angel Kanchev” Ruse universiteti professori va mazkur loyihaning rahbari Angel Smrikarov innovatsion ta’lim texnologiyalaridan samarali foydalanish usullari hamda ta’limda yangi avlod texnologiyalarini joriy etish ayni vaqtda dolzarb ekanligi va joriy etishdagi asosiy muammolar haqida qiziqarli ma’ruza qildi.

Loyiha doirasida TATU va Ruse universiteti o‘rtasida ta’lim va ilmiy tadqiqot sohasida hamkorlik qilish, professor-o‘qituvchilarning kelishuvga muvofiq malakalarini oshirish dasturlarini ishlab chiqish, bakalavr, magistr va doktarantlar uchun almashinuv dasturlarini ishlab chiqish va hamkorlikda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish hamda ta’limni rivojlantirish uchun doimiy uchrashuvlar tashkil etishga qaratilgan Memorandum va Shartnoma imzolandi.