XORIJLIK MАLАKАLI EKSPERTLАR IShTIROKIDА OTM VАKILLАRI UChUN SEMINАR-TRENING OʼTKАZILDI

  • Asosiy
  • XORIJLIK MАLАKАLI EKSPERTLАR IShTIROKIDА OTM VАKILLАRI UChUN SEMINАR-TRENING OʼTKАZILDI

Oliy va oʼrta maxsus taʼlim vazirligi tashabbusi bilan Niderlandiyaning «Elsevier» kompaniyasi bilan hamkorlikda «Ilm-fan – 2020» milliy rivojlanish dasturi doirasida yurtimizdagi oliy taʼlim muassasalarining jurnallarini nufuzli ilmiy jurnallar qatoriga kiritish boʼyicha xorijlik ekspertlar taklif qilinmoqda.

Xalqaro miqyosda tan olingan jurnallarning mavjudligi davlatni jahonda tanilishi va eʼtirof etilishining muhim omilidir.

Jumladan, shu yilning 3-4 oktyabrь kunlari bir guruh yetuk xorijlik ekspertlar ishtirokida respublikadagi oliy taʼlim muassasalarining 41 ta ilmiy jurnallarining muharrirlari hamda taqrizchilari uchun qulay boʼlgan erkin konfiguratsiyalar qoʼllanilgan noyob platformasini yaratish, oliy taʼlim muassasalarining jurnallarini nufuzli ilmiy jurnallar qatoriga kiritish mavzusida seminar-trening bo'lib o'tdi.

Seminar-trening «Elsevier» kompaniyasining ilmiy jurnallar konsaltingi boʼyicha vitse-prezidenti Vinchi Elizabet, Bepress jamoasi rahbari Rodjers Stefani, «Elsevier» kompaniyasining Markaziy Osiyo boʼyicha mintaqaviy direktori Аliya Ospanova hamda kompaniyaning tadqiqot xulosalari boʼyicha yetakchi eksperti Аndrey Loktevlar tomonidan oʼtkazildi.

Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tasdiqlangan «Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida respublika ilmiy jurnallarini Scopus, Science Direct kabi xalqaro ilmiy-texnik maʼlumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritishni taʼminlash vazifalari belgilangan.

Seminar-trening davomida talab etilgan mezonlar asosida Digital Commons (http://uzjournals.edu.uz) portaliga ilmiy jurnallar kontentlarini toʼliq yuklash, jurnal konfiguratsiyasini toʼliq shakllantirish boʼyicha amaliy ishlarni yakunlash koʼzda tutilgan.

TATU matbuot xizmati