4-9-yanvar kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetida axborot xavfsizligi sohasidagi “CTF.UZ” (Capture the Flag) tanlovi yarim final va final bosqichi boʻlib oʻtmoqda. Musobaqalar Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Yoshlar ittifoqi bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
2018-yilning 15-noyabridan 25-dekabriga qadar respublikamizning 11 ta hududida tanlovning dastlabki turlari oʻtkazildi. Musobaqalarda sohaning oliy taʼlim muassasalari, kasb-hunar kollejlari va litseylari talabalari, mehnat faoliyatida boʻlgan yoshlar ishtirok etmoqda.
Ushbu jarayonlarda musobaqalar bilan bir qatorda mahorat maktablari ham tashkil etilmoqda. Tanlovning yakuniy bosqichiga Respublikadan jami 250 nafar ishtirokchi tavsiya etilgan. Tanlov ishtirokchilari, yaʼni yosh dasturchilar, axborot xavfsizligi boʻyicha berilgan shifrlash, kiriptografik topshiriqlarni yechish kerak boʻladi. Topshiriklar axborot xavfsizligi mutaxassislari tomonidan tuzilgan boʻlib, yosh dasturchilar istalgan dasturlash tillari yordamida yechishlari mumkin boʻladi. Gʻoliblikka davogarlarni yakuniy bosqichda eng yuqori ball natijalariga koʻra 1,2,3 oʻrin sohiblari taqdirlanishi rejalashtirilgan. Homiylar tomonidan birinchi oʻrin sohibiga uchun 15 mln., ikkinchi oʻrin uchun 10 mln., uchinchi oʻrin uchun esa 5 mln. soʻm mukofot pullari ajratilgan. Taqdirlash marosimi ZOʻR.TV telekanali tomonidan tashkil etiladi.
Tanlov texnik jihatdan “Oʻzbektelekom” Aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.
Maʼlumot oʻrnida aytish kerakki, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, ZOʻR.TV telekanali tomonidan tashkil etilgan https://ctf.uz/ sayti dasturchilarning malakasini oshirish, axborot xavfsizligini yanada kuchaytirish maqsadida yaratilgan. Saytda siz axborot xavfsizligiga doir turli xil mashqlarni bajarishingiz kerak boʻladi.