Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektori:
YAXSHIBAYEV DONIYOR SULTONBAYEVICH
Mamlakatimiz ta’lim tizimini tubdan takomillashtirish, uning sifati hamda samaradorligini oshirish, ta’lim muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Shu bilan birga, oliy o‘quv yurtlariga qabul jarayonlarining shaffofligini ta’minlash, ta’limdagi korrupsiya va poraxo‘rlikning oldini olishga ham astoydil kirishilgan.
Ta’lim tizimidagi islohotlar sabab vaziyat tubdan o‘zgardi, kimning bilimi, qobiliyati, salohiyati bo‘lsa, o‘sha odam o‘qiydi, degan tamoyilga amal qilina boshlandi. Shu bois endilikda ta’limdagi korrupsiyani tag-tomiri bilan yo‘q qilishga astoydil kirishilgan.
Lekin korrupsiyaga qarshi kurash tobora qat’iy bo‘lib borsa-da, ajiriq kabi uning ildizlari hali-hanuz saqlanib qolgan ko‘rinadi. Astoydil ta’lim olib, ne-ne orzular bilan o‘qishga topshirgan yoshlar manfaatini hatlab o‘tib, harom luqma bilan kun kechirishni o‘ziga odat qilgan ayrim nopok insonlar hozir ham uchrab turgani jamiyatimizdagi sog‘lom muhitga salbiy ta’sir qilmoqda. Ayniqsa, yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida bu kabi qing‘ir amaliyot u yer, bu yerda urchiy boshlashi ham bor gap. Bunday holat nafaqat oliy ta’lim dargohlarida, balki litsey va kollejlarda, hatto umumta’lim maktablarida ham ko‘zga tashlanayotgani achinarli hol, albatta.
Prezidentimizning 2022 yil 15 iyundagi “Davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, bir davlat OTMdan boshqa davlat OTMga o‘qishni ko‘chirishga quyidagi ikki holatda ruxsat beriladi:
– Talaba oila qursa va turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi OTMga o‘qishini ko‘chirmoqchi bo‘lsa;
– Davlat xizmatchisi ish yuzasidan boshqa hududga ko‘chsa va turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandining o‘qishini o‘sha hududga ko‘chirmoqchi bo‘lsa (ishga kirgan vazirlik xati asosida);
Boshqa holatlarda “ichki ko‘chirish”ga ruxsat yo‘q. Boshqa hududga ham, o‘z hududidagi boshqa OTMga ham.
Xorijdan o‘qishni ko‘chirishga quyidagi uch holatda ruxsat beriladi:
– Mos va turdosh yo‘nalishga test yoki ijodiy imtihon topshiradi hamda o‘tish balini to‘plash talab etiladi;
– O‘tish balini to‘play olmasa, bir martalik tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrak asosida o‘qishini ko‘chirishga ruxsat beriladi;
Xorijdan mos va turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. O‘qishni ko‘chirish to‘liqligicha shaffof va korrupsiyadan xoli tarzda o‘tkaziladi.
Magistraturaga qabul ta’limning bakalavriat bosqichini tugatgan talabalarning o‘qish davomida to‘plagan o‘rtacha bali asosida (imtihonsiz) amalga oshirilmoqda. Faqatgina talabaning chet tilini bilish darajasi bo‘yicha olingan milliy yoki xalqaro sertifikati mavjud bo‘lishi shart. Ilgari taomilda bo‘lgan, kafedra a’zolari tomonidan olinadigan mutaxassislik imtihonlarining bekor qilinganligi, bu sohada ham korrupsiyaviy holatlarga barham berilganligini ko‘rsatadi.
Xullas, oliy ta’lim tizimida keyingi yillarda boshlab yuborilgan korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish ishlari qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Bu borada OTM professor-o‘qituvchilariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, ya’ni ish haqining sezilarli oshirilganligi ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Oliy ta’lim tizimi tomirlarida bugun sog‘lom va toza qon oqa boshladi. Lekin korrupsiya ham osonlikcha jon bermaydi. Bu boradagi kurash bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamasligi kerak, deb hisoblayman.
Korrupsiyani yangidan-yangi ko‘rinishlari bosh ko‘tarayotgani ham bor gap. Hushyor bo‘lishimiz kerak. Bu borada talaba-yoshlarimiz faolligi, vatanparvarligi muhim o‘rin tutishini unutmasligimiz shart va zarur.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori:
SULTANOV DJAMSHID BAXODIROVICH
So‘ngi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida muhim tashkiliy-huquqiy islohotlar amalga oshirilmoqda. Aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirishga, jamiyatda korrupsiyaga qarshi murosasiz munosabatni shakllantirishga yo‘naltirilgan tizimli choralar ko‘rilmoqda.
Korrupsiyadan holi jamiyat va davlatni yaratish mamlakat taraqqiyotining mustaxkam kafolati bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 2018 yil 7 dekabr kuni Konstitutsiyamizning 26 yilligiga bag‘ishlangan marosimda so‘zlagan nutqlarida «Korrupsiya bilan hech qachon maqsadimizga erisha olmaymiz» deb, ta’kidlagan edilar.
Davlatning korrupsiyaga qarshi yo‘naltirgan barcha islohotlari fuqarolarning huquq va manfaatlarini ko‘zlab amalga oshirmoqda.
Ayniqsa, ta’lim sohasida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish orqali mustaqil fikrlaydigan, yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarga ega, raqobatbardosh kadrlarni tayyorlashga alohida e’tibor qaratmoqda.
Xususan, Prezidentimiz 2020 yil 24 yanvar kuni Oliy Majlisga yo‘llagan murojaatnomalarida, «oliy ma’lumot olaman, o‘z ustimda ishlab, ilmli bo‘laman, degan, yuragida o‘ti bor, jo‘shqin yoshlarimizning tahsil olishi uchun hamma qulayliklarni yaratishimiz shart. Shuning uchun maktab bitiruvchilarini oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini 2020 yilda kamida 25 foizga va kelgusida 50–60 foizga yetkazamiz», deb ta’kidlab o‘tdilar.
Oliy ta’lim tizimida keyingi yillarda boshlab yuborilgan korrupsiyaning oldini olish va uning har qanday ko‘rinishlariga qarshi murosasiz kurashish ishlari qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Bu borada OTM professor-o‘qituvchilariga ko‘rsatilgan g‘amxo‘rlik, ya’ni ish haqining sezilarli oshirilganligi ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi.
Oliy ta’lim tizimi tomirlarida bugun sog‘lom va toza qon oqa boshladi. Lekin korrupsiya ham osonlikcha jon bermaydi. Bu boradagi kurash bir daqiqa bo‘lsin to‘xtamasligi kerak, deb hisoblayman.
Korrupsiyani yangidan-yangi ko‘rinishlari bosh ko‘tarayotgani ham bor gap. Hushyor bo‘lishimiz kerak. Bu borada talaba-yoshlarimiz faolligi, vatanparvarligi muhim o‘rin tutishini unutmasligimiz shart va zarur.