TATUda “Yosh dasturchilar maktabi” professional dasturlash bo‘yicha to‘garak ish boshladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 15 martdagi “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni bajarilishini ta’minlash maqsadida, Muhammad Al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida professional dasturlash bo‘yicha to‘garak ish boshladi.
Unga ko‘ra, iqtidorli talabalar har kuni soat 18:00 dan 22:00 ga qadar 220-auditoriyada (“A” korpusi) joylashgan kompyuter sinfida o‘z ustida ishlashlari va tashkil etiladigan seminar-treninglarda saboq olishlari mumkin. Ishtirokchi talabalarni bilimini nazorat qilish maqsadida kichiq musobaqalar ham tashkil etiladi.
Ushbu to‘garak ta’lim-tarbiya jarayonida talabalarning faolligini oshirish va ularning intellektual salohiyatini yanada rivojlantirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va rag‘batlantirishga qaratilgan bo‘lib, kelajakda dasturlash bo‘yicha jahon olimpiadalarida universitetimiz sharafini himoya qiluvchi jamoalar ham shu maktabda shakllantiriladi.
Ushbu seminar-treninglarni “Informatika asoslari” kafedrasi assistentlari Anvarjon Maxmudov, Sunnatullo Xojiyev va “Algoritmlash va dasturlash” ilmiy-o‘quv laboratoriyasi iqtidorli talabalari bilan birgalikda olib borilmoqda.