30 yanvar kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab, “Yodi hamisha yodda...” nomli ma’rifiy tadbir tashkil etildi. Tadbirda mustaqillikning dastlabki yillarida Xindiston davlatida muxtor elchi sifatida faoliyat yuritgan Mirqosimov Sur’at Mirxodjayevich ishtirok etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori asosida yurtimizda keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ushbu qarorO‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ona Vatanimiz mustaqilligi, el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi ulkan tarixiy xizmatlarini inobatga olib hamda u kishining xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha boshlangan ishlarni davom ettirish maqsadida qabul qilingan.
Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining Prezident sifatidagi butun hayoti va faoliyatini yurtimizda yangi davlat, yangi jamiyat barpo etish, mustaqilligimizni mustahkamlash, o‘zbek nomini, O‘zbekiston nomini butun dunyoga tarannum etishdek ulug‘ maqsadga bag‘ishladi. Xalqimiz mamlakatimizda amalga oshirilgan ulkan o‘zgarishlarni haqli ravishda Birinchi Prezidentimiz nomi bilan bog‘laydi.
Tadbirda AKT sohasida iqtisod va menejment fakulteti talaba-yoshlari tomonidan sahna ko‘rinishi namoyish etildi. AKT sohasida Kasbiy ta’lim fakulteti 4-kurs talabasi G‘ulomjon Nazarovning “Ketdim, ketganimni bilmasin dunyo...” she’ri va unga ishlangan videorolik namoyish etildi. Shu bilan birga, tadbir davomida I.A.Karimov tavalludining 80 yilligiga bag‘ishlab talabalar o‘rtasida “Islom Karimov asarlarining barkamol avlod tarbiyasidagi ahamiyati” hamda “Ozod va obod Vatanga baxshida umr” mavzularida o‘tkazilgan insholar tanlovi hamda Yoshlar ittifoqi b.t. tomonidan I.Karimov asarlari asosida o‘tkazilgan “Zukko kitobxon” tanlovining g‘oliblariga rahbariyat nomidan Faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.