Yangi O‘zbekiston yoshlari: imkoniyatlar, mas’uliyat va kelajak sari qadam

  • Asosiy
  • Yangi O‘zbekiston yoshlari: imkoniyatlar, mas’uliyat va kelajak sari qadam

2026-yil 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning mamlakat yoshlari bilan bevosita ochiq muloqoti bo‘lib o‘tdi. Mazkur muloqot shunchaki navbatdagi tadbir emas, balki yurtimizdagi 22 milliondan ziyod yigit-qizlarning orzu-umidlari va davlatning strategik maqsadlari tutashgan nuqta bo‘ldi. 60 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etgan ushbu uchrashuvda har bir yosh uchun eng muhim xulosa shu bo‘ldiki: biz shunchaki kelajak emasmiz, biz bugungi kunning eng katta siyosiy va iqtisodiy kuchimiz.

Mazkur muloqotdan olingan saboq davlatning yoshlarga bo‘lgan ishonchi faqat so‘zda emas, balki aniq raqamlar va moliyaviy mexanizmlarda aks etayotganidir. 600 ming yoshning har yili mehnat bozoriga kirib kelayotgani katta mas’uliyat, ammo ularga ajratilayotgan qo‘shimcha 200 million dollar, innovatsion startaplar uchun 100 ming dollargacha investitsiyalar va yosh tadbirkorlarga beriladigan imtiyozli kreditlar bu mas’uliyatni imkoniyatga aylantiradi.

Eng ta’sirli jihatlardan biri yoshlarning jahon fan olimpiadalarida qo‘lga kiritgan 400 dan ortiq medallari va TOP-100 talik oliygohlarda o‘qiyotgan 3,5 ming nafar vakillarimiz haqidagi ma’lumotlar bo‘ldi. Bu bizning intellektual salohiyatimiz dunyo bilan bo‘ylasha olishini anglatadi. Shuningdek, “Ikkinchi imkon” loyihasi orqali jamiyatga qaytgan yoshlarga qo‘l berish tashabbusi yurtimizda inson qadri har narsadan ustun ekanini yana bir bor isbotladi.

Uchrashuv davomida bir narsa aniq bo‘ldi: yoshlar bilan rasmiy, balandparvoz gaplar bilan emas, balki sodda, ochiq va samimiy tilda gaplashish kerak. Prezidentimizning yoshlar bilan bevosita muloqoti, ularning takliflarini tinglashi barcha darajadagi rahbarlar uchun o‘rnak bo‘lishi lozim.

Yoshlar o‘z muammolarini ayta olishi, xato qilishdan qo‘rqmasligi uchun ularda ishonch bo‘lishi kerak. Bunday ishonch esa faqat samimiy davra suhbatlari orqali shakllanadi. Ta’lim va kasb tanlash kabi hayotiy qarorlar qabul qilishda yoshlarga “tepadan” ko‘rsatma berish emas, balki ular bilan teng huquqli hamkor sifatida maslahatlashish davr talabidir.

Prezidentning ushbu chiqishi universitetlar rektorlariga mutlaqo yangi mas’uliyat yukladi, ya’ni Oliy ta’lim muassasasi endi faqat diplom beruvchi emas, balki yoshlarni ishli, daromadli, global raqobatbardosh shaxs sifatida tayyorlaydigan strategik markazga aylanishi kerak.

Xulosa o‘rnida ta’kidlash lozimki, 2026-yil 24-fevraldagi muloqot tariximizda o‘chmas va muhim sahifa bo‘lib qoladi. Prezident e’tiboridan ilhomlangan oliygohlar rektorlari bugun Yangi O‘zbekistonni barpo etishga katta ishonch bilan otlanmoqda. Yangi O‘zbekiston — bu nafaqat zamonaviy binolar, balki yangilangan ong, bilimli avlod va yorqin kelajak demakdir. Ushbu tarixiy uchrashuv — ishonch, imkoniyat va mas’uliyat uyg‘unligining yorqin namunasiga aylandi. Bu muloqot yoshlarga qanot bag‘ishladi, ularni ruhlantirdi hamda davlat va jamiyat oldidagi mas’uliyatini yanada oshirdi. Yoshlar — tarixni o‘zgartira oladigan buyuk kuchdir. Zero, yoshlar — Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi, eng ishonchli tayanchi va eng buyuk kelajagidir.

Qadrli Yoshlar!

Xurmatli Prezidentimiz ishtirokida o‘tgan mazkur uchrashuv sizga yangi ufqlarni ochib beradi. Endigi vazifa  berilgan bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, O‘zbekistonning Yoshlar taraqqiyoti global indeksidagi o‘rnini yanada yuksaltirishdir. Siz, yoshlar, davlatimiz rahbari aytganlaridek, nafaqat iqtisodiy kuch, balki yurtning ma’naviy va intellektual drayveri bo‘lishingiz shart.

Buning uchun sizga kerak bo‘lgan narsa tinimsiz mehnat, bilim va eng muhimi, maqsad sari sobitqadamlikdir. Prezident sizga eshikni ochib berdi, endi shu eshikdan dadil kirib borish va yangi O‘zbekistonni qurish sizning qo‘lingizda.

 

Baxtiyor Maxkamov,
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.