2017 yilning 2 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi yoshlarining birinchi yalpi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Unda vazirlik tizimidagi tashkilotlar, kompaniyalarda mehnat qilayotgan, shuningdek oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan 1,5 ming nafar yoshlar ishtirok etdilar. Sohaning hududlarda faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalari tadbirda video-tarmoq yordamida qatnashdilar.
Yoshlar uchrashuvida O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi raisining o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Qayd etilganidek, jahon miqyosida kuchli raqobat, g‘oyaviy qarama-qarshilik va ziddiyatlar tobora keskin tus olayotgan bugungi davrda O‘zbekistonning ulkan boyligi hisoblangan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning hayotda o‘z o‘rnini egallashlariga ko‘maklashish davlat siyosatining dolzarb maqsadiga ayolandi. O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan o‘rnatilgan hamkorlik axborot texnologiyalari sohasi yoshlarining intilishlarini qo‘llab-quvvatlash, hayotiy va kasbiy qiziqishlari doirasida, ijtimoiy maqsadlari bo‘yicha uyushtirishga xizmat qilmoqda.
Bugungi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan 30 ming nafardan ziyod xodimlarning 70 foizga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Ularning o‘rtacha yoshi 27 da. Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan mazkur qatlamning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ilg‘or g‘oya-tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish, halol va samarali mehnat, ilmiy-ijodiy yutuqlarga ega yoshlaridan iborat rahbar kadrlar zahirasini tayyorlash yuzasidan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ochiq muloqotda ta’kidlangani kabi, vazirlik soha yoshlarining tashabbuslari va harakatlarini, jamiyatimiz uchun foydali loyihalarni har taraflama qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Muloqot mobaynida yoshlarning faol ishtiroki, fikr-mulohazalari yosh avlodning davlatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarga befarq emasligidan dalolat beradi. Muloqotlarda faol qatnashgan yoshlarga Uzmobile Milliy operatorining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, qatnashchilarga maxsus “Yoshlar” tarif rejasiga ulanish imkoni yaratib berildi.