2-dekabr kuni O‘zbekiston yoshlar ittifoqi va Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasi yoshlarining birinchi yalpi uchrashuvi o‘tkazildi.
Ushbu uchrashuvda bevosita va bilvosita 1,5 mingga yaqin AKT mutaxassis talabalari ishtirok etishdi. Hudidy filliallardagi talabalar bilan to’gridan to’g’ri video muloqot uyushtirildi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sherzod Shermatov, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengash raisi o‘rinbosari Kamoliddin Beknazarov bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi. Bugungi kunda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimida faoliyat olib borayotgan 30 ming nafardan ziyod xodimlarning 70 foizga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil qiladi. Ularning o‘rtacha yoshi esa 27 da. Aynan shu jihatlarni hisobga olgan holda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi bilan mazkur qatlamning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ilg‘or g‘oya-tashabbuslarini amalga oshirishga ko‘maklashish, halol va samarali mehnat, ilmiy-ijodiy yutuqlarga ega yoshlaridan iborat rahbar kadrlar zahirasini tayyorlash yuzasidan loyihalar amalga oshirilmoqda.
Ochiq muloqotda ta’kidlangani kabi vazirlik soha yoshlarining tashabbuslari va harakatlarini, jamiyatimiz uchun foydali loyihalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga tayyor. Muloqot mobaynida yoshlarning faol ishtiroki, fikr-mulohazalari yosh avlodning davlatimizda amalga oshirilayotgan yangilanish va o‘zgarishlarga befarq emasligidan dalolat beradi. Muloqotlarda faol qatnashgan yoshlarga Uzmobile milliy operatorining esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, qatnashchilarga maxsus “Yoshlar” tarif rejasiga ulanish imkoni yaratib berildi.