O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat tadqiqot instituti tomonidan “Mintaqaviy muloqot” XNNTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda joriy yilning 16-17 iyun kunlari Toshkent viloyatidagi “Olmos” konvension markazi majmuasida “Sud-huquq faoliyatini raqamlashtirishning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
Mazkur konferensiyada Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori B.Maxkamov “Sud va huquqni muhofaza qilish organlari uchun AKT sohasida yuqori malakali kadrlarni tayyorlash: milliy va xorijiy tajriba” mavzusida ma’ruza va taqdimot bilan ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad sud-huquq hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini raqamlashtirish, elektron odil sudlovni rivojlantirish istiqbollari, korrupsiyaga qarshi kurashda raqamli texnologiyalarni qo‘llashni yanada takomillashtirish hamda raqamlashtirishning huquqiy asoslarini ishlab chiqishdan iborat.