23 mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida qizlar uchun “Women Technology and Innovation Week-2018” tanlovi bo‘lib o‘tdi.
2018 yilning 23-28 mart kunlari O‘zbekistonning ko‘pgina shaharlarida mamlakatimizda ikkinchi yil ketma-ket tashkil etilayotgan hamda qizlar uchun mo‘ljallangan “Technovation Uzbekistan” yirik texnologik dasturi doirasida “Ayollarning texnologik tadbirkorlik haftaligi” Muhammad-al Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida boshlandi. “Women Technology and Innovation Week” tadbirida Kremniy vodiysi va Markaziy Osiyoning AT va texnologik tadbirkorlik sohasidagi yetakchi mutaxassislar: Kaliforniyadan “TechWomen va Technovation” xalqaro dasturlarning mentor va sudyasi Rekxa Pay, “Technovation Kazakhstan”ning mintaqaviy elchisi va tashabbuskori Diana Soy, Qozog‘istondagi boshlang‘ich startap-loyihalar bo‘yicha eksperti Baxtigul Qosimovalar ishtirok etishdi.
Mamlakatimizda 2 yildan buyon tashkil etilayotgan mazkur xalqaro tanlov O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Toshkent shahridagi Inha universiteti, Birlashgan Millatlar tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi va boshqa bir qator muassasalar hamkorligida yuqori saviyada o‘tkazilmoqda.
2018 yildan TATU va uning hududiy filiallari talaba-qizlari ham ushbu tanlovda ro‘yxatdan o‘tib o‘z ishtiroklarini boshladi hamda universitetimiz tanlovning rasmiy hamkorlari safiga kirdi.
Joriy yilga muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan “Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili” deb nom berilishi axborot texnologiyalar va kommunikatsiyalarini rivojlantirish borasida yangi bosqichni boshlab berdi. Bu albatta, sohada malakali mutaxassislarni tayyorlash, malakasini oshirish, innovatsion g‘oyalarni amaliyotga joriy etish kabi muxim vazifalarni hal etishni belgilaydi.
Axborot texnologiyalari va tadbirkorlik sohasiga xotin-qizlarni keng jalb etish, ish bilan ta’minlash, o‘z biznes rejalarini amaliyotga joriy qilishga ko‘maklashish esa bugungi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biridir.
Bugungi kunda universitetimizda 950 nafar talaba-qizlar tahsil olmoqda. Kelgusida axborot texnologiyalari sohasi uchun mutaxassislar tayyorlashda qizlar safini yanada kengaytirishni reja qilganmiz. Ushbu xalqaro tanlov bu borada bizga amaliy yordam bo‘ladi.
Tanlovda AQSHning O‘zbekistondagi elchisi Pomela Spratlen, BMTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xelena Frazer, Respublika oilalar va bolalarni qo‘llab-quvvatlash assotsiatsiyasi raisi Inkilob Yusupova lar ham ishtirok etdi.
Tanlovning haftalik tadbirlarida STEM va digital-tadbirkorlik sohalarida karyera qilayotgan mahalliy ekspert ayollar ham ishtirok etishadi. Ular orasida: Bioorganik kimyo instituti direktori o‘rinbosari, biologiya fanlari doktori Shahlo Turdiqulova, PR-ekspert Rezida Erdman, “Beeline Uzbekistan”ning digital-marketing bo‘yicha katta menejeri Dilafruz Jiyranovalar ham bor. Seminarlar mavzusi texnologik startaplar, ijtimoiy tadbirkorlik, mentorlar va karyera tanlovi sohasini qamrab oladi. Alohida bo‘lim ayollarning biznes va fan sohasidagi faoliyatiga bag‘ishlangan. Biznes-loyihalar, taqdimotga tayyorgarlik, “Technovation-2018” qatnashchilari uchun individual va amaliy sessiyalar bo‘yicha mahorat maktablari o‘tkaziladi. Tadbir orasida jamoalar va mentorlar eng ilg‘or xorijiy amaliyotlar to‘g‘risida ma’lumotga ega bo‘lishadi. Tadbir davomida jamoalarning Yuqori texnologiyalar markaziga sayohat uyushtirishi uchun bir kun ajratish rejalashtirilgan. Haftalikning seminarlari va mahorat-maktablari Toshkent (23-25 mart, TATU, Yuqori texnologiyalar markazi va Toshkent shahridagi Inha universiteti)da, Urganch (26 mart)da va Xiva (27 mart)da bo‘lib o‘tadi. Haftalikning barcha tadbirlari “Technovation Uzbekistan-2017/2018” dasturining ishtirokchilari va mentorlari uchun mo‘ljallangan; barcha xohlovchilar uchun sessiya 2018 yilning 25 mart kuni bahorgi “Startup Mix” konferensiyasi shaklida o‘tkaziladi.
“Women Technology and Innovation Week” ning batafsil dasturi va “ Technovation Uzbekistan” loyiha koordinatorlarining aloqalari haqida - http://technovation.uz/innovationweek havolasi orqali bilib olishingiz mumkin.