Joriy yilning 1-avgust kuni Minsk shahrida Oʼzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Belarusь Respublikasi Prezidenti Аleksandr Lukashenko rahbarligida boʼlib oʼtgan muzokaralarda ikki davlat oʼrtasida taʼlim hujjatlarini oʼzaro tan olish boʼyicha bitim imzolandi. Ushbu Bitimning imzolanishi ikki davlat oʼrtasida kelgusida oliy taʼlim sohasidagi hamkorlik aloqalarining yanada rivojlanishi, qolaversa, oʼzbek va belarus xalqlarining oʼzaro hamjihatligi va doʼstligining mustahkamlanishiga hissa qoʼshadi.
Soʼnggi yillarda malakali kadrlar tayyorlash boʼyicha hamkorlik jadallik bilan rivojlanmoqda. 2018 yildan buyon Oʼzbekistonda Maksim Tank nomidagi Belorus davlat pedagogika universiteti va Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, shuningdek, Belorus davlat informatika va radioelektronika universiteti va Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining qoʼshma fakultetlari muvaffaqiyatli faoliyat koʼrsatmoqda.
2018/2019 oʼquv yilida Belarusning nufuzli universitetlari bilan hamkorlikda 3 ta OTMda tashkil etilgan qoʼshma taʼlim dasturlari (double degree)da 195 nafar talaba tahsil olmoqda.
Yangi oʼquv yilidan boshlab 18 ta OTMda hamkorlikda kadrlar tayyorlashni yoʼlga qoʼyish rejalashtirilgan.
Toshkent axborot texnologiyalari universiteti – Belorussiya davlat informatika va radioelektronika universiteti axborot texnologiyalari qo‘shma fakulteti (TATU-BDIRU ATQF) bakalavriati qabul jarayoni to'g'risida ushbu havola orqali batafsil ma'lumot olsangiz bo'ladi.
TATU matbuot xizmati