“TUIT OPEN 2018” MUSOBAQASI YAKUNLANDI

  • Asosiy
  • “TUIT OPEN 2018” MUSOBAQASI YAKUNLANDI

Joriy yilning 24-25 noyabr kunlari Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “TUIT OPEN 2018” dasturlash boʻyicha musobaqaning final bosqichi boʻlib oʻtdi.

24-noyabr sanasida butun respublikadan kelgan ishtirokchilarni kutib olish va musobaqaning ochilishi oʻtkazildi.

Bundan tashqari, musobaqa ishtirokchilari boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, bir-birlari bilan yaqindan tanishib olishlari uchun “Gaming round” tashkil etildi.

Shuni taʼkidlab oʻtish kerakki, musobaqa yurtimizda AKT sohasini yanada rivojlantirish, oʻquvchi va talaba-yoshlarni dasturlash tillari, IT sohasida innovatsion gʻoyalarni yaratishga boʻlgan qiziqishlarini oshirishga xizmat qiladi.

Musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan 34 ta jamoa ishtirok etib, shundan 9 ta jamoa akademik litsey va kasb-hunar kollejlaridan tashrif buyurishgan. Ular C++, Java, Pyhton, Pascal dasturlash tillari asosida shakllantirilgan boʻlib, savollar NEERC ICPC bosh hakami Oleg Xristenka tomonidan tuzilgan. Musobaqa onlayn tarzda o'tkazildi.

Shuningdek, musobaqa tashkilotchilari tomonidan gʻolib boʻlgan oʻquvchi, talabalarga pul mukofotlari ham beriladi. Xususan, oliy taʼlim talabalari uchun birinchi oʻringa 9 mln, ikkinchi oʻringa 6 mln, uchinchi oʻringa 3 mln soʻmdan mukofot pul mablagʻlari ajratilgan.

25-noyabr kuni musobaqaning ikkinchi kunida dasturlash boʻyicha asosiy turi boʻlib oʻtdi.

Shu kunning oʻzida musobaqa natijalari eʼlon qilindi va gʻoliblarni taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Musobaqa yakuni natijalariga koʻra, birinchi oʻrinni M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining Toshkent filiali “MSU Tashkent 0” jamoasi, ikkinchi oʻrinni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “TUIT: ALVA” jamoasi, uchinchi oʻrinni esa TATU Urganch filialining “TUIT Urgench Branch masters” egalladi.