Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti «Teleradioeshittirish tizimlari» kafedrasida professori Tohir Rahimov olamdan o‘tganligi munosabati bilan TATU ma'muriyati marhumning oila-a'zolariga, yaqinlariga, shogirtlariga chuqur ta'ziya bildiradi.
O‘zbekiston Respublikasi aloqa vaziri hamda Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, shuningdek, boshqa ko‘plab tashkilotlar rahbari bo‘lib ishlagan Tohir Rahimov 74 yoshida vafot etdi.
Tohir G‘ofurovich Rahimov turli yillarda O‘zbekiston Respublikasi aloqa vaziri, vazir o‘rinbosari, Tashqi iqtisodiy aloqalar vaziri, telekommunikatsiya kompaniyasining bosh direktori, Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi direktori, Xalqaro aloqa akademiyasining vitse-prezidenti lavozimlarida faoliyat olib bordi.
U 2008-yildan boshlab umrining so‘nggi kunlariga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti «Teleradioeshittirish tizimlari» kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritdi.
Jonkuyar olim, mehribon ustoz, samimiy inson Tohir G‘ofurovich Rahimovning xotirasi qalblarimizda hamisha saqlanib qoladi.
Tarjimai hol
Toxir G‘ofurovich Raximov 1969 yilda oliygohni tugallab, yo‘llanma asosida Moskva elektrotexnika aloqa institutining aspiranturasiga o‘qishga qabul qilindi. 1973 yilda aspiranturani muvaffaqiyatli tugallab, Toshkent elektrotexnika aloqa institutiga qaytdi hamda “Televideniye va radioeshittirish” kafedrasi assistenti lavozimida o‘z mehnat faoliyatini boshladi.
O‘tgan yillar davomida Toxir G‘ofurovich o‘z ilmiy salohiyati, mehnatsevarligi, tirishqoqligi, topshirilgan vazifalarga fidokorona yondashuvi, tashabbuskorligi, har qanday vaziyatlarda ham oldiga qo‘yilgan masalalarga yechim topa olishdek qobiliyati bilan har qanday mutaxassis orzu va havas qilishi mumkin bo‘lgan eng yuqori cho‘qqilarni egalladi.
Toxir G‘ofurovich yetuk mutaxassis, tashabbuskor rahbar, uddaburon jamoatchi sifatida o‘z bilim va tajribalarini qo‘llagan holda O‘zbekiston Respublikasi aloqa vaziri, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiyot vaziri, “Mahalliy Telekom” aksionerlik kompaniyasining bosh direktori, Radioaloqa, radioeshittirish va televideniye markazi direktori, Xalqaro aloqa akademiyasining vitse - prezidenti lavozimlarida samarali faoliyat olib bordi.
Raximov Toxir G‘ofurovich 2008 yildan boshlab umrining so‘nggi kunlariga qadar Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti “Teleradioeshittirish tizimlari” kafedrasida professor lavozimida faoliyat yuritdi.
T.G‘. Rahimov tomonidan yoshlarimizning maʼnaviy immunitetini kuchaytirish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, yoshlarda axborot texnologiyalaridan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish bo‘yicha Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida bir qancha ishlar amalga oshirildi.
T.G‘.Raximov Teleradioeshittirish tizimlari kafedrasi rahbarligi hamda faoliyati davrida kafedraning moddiy-texnik bazasi tubdan yangilandi. Uning tashabbusi bilan kafedraga tegishli bo‘lgan barcha auditoriyalar va laboratoriya qurilmalari yangilandi, zamonaviy multimedia texnikalari bilan taʼminlandi.
Ustoz o‘z pedagogik faoliyati davomida o‘nlab ilmiy, ilmiy – uslubiy qo‘llanmalar yaratdi, ellikdan ortiq magistrlik va bakalavrlik ishlariga rahbarlik qildi. Toxir G‘ofurovichning hammuallifligida yaratilgan “Radiotexnik tizimlar”, “Raqamli televideniye” nomli o‘quv qo‘llanmalari o‘zbek va rus tillarida chop etildi. T.G‘. Raximov shogirdlariga o‘ta mehribon va o‘z o‘rnida talabchan edi. Ustoz raxbarlik qilgan shogirdlarning ikki nafari TATU hamda uning hududiy filiallari talabalari uchun taʼsis etilgan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyasi, bir nafari O‘zbekiston Respublikasi bakalavrlari uchun taʼsis etilgan Beruniy Davlat stipendiyasi hamda yana bir nafari tayanch doktorantlar uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat stipendiya sohiblari bo‘lgan.
T.G.Raximovning aloqa va axborotlashtirish sohasida amalga oshirgan fidokorona mehnatlari hukumatimiz tomonidan munosib taqdirlanib, “O‘zbekistonda Respublikasida xizmat ko‘rsatgan aloqa xodimi”, “Xizmat ko‘rsatgan faxriy radiochi”, O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining ko‘krak nishondori, “Xalqaro aloqa akademiyasining Oltin medali sovrindori, “Xalqaro axborotlashtirish akademiyasining akademigi” unvonlariga sazovor bo‘ldi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti jamoasi Raximov Toxir G‘ofurovichning oila aʼzolari va yaqinlariga o‘zining chuqur hamdardligini izhor etadi. U kishining nurli siymosi xotiramizda mangu yashaydi.
TATU matbuot xizmati