O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Radjabov Telman Dadayevich 85 yoshida olamdan o‘tdi.
Respublikamiz ilm fani va oliy taʼlim tizimi og‘ir judolikka uchradi, atoqli olim, akademik Telman Dadayevich Radjabov endi oramizda yo‘q.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi, fizika-matematika fanlari doktori, professor Radjabov Telman Dadayevich
(1935-2020yy.)
Telman Dadayevich Radjabov 1935-yil 15-avgustda Samarqand shahrida ziyoli oilasida tug‘ildi.
U 1953 yil o‘rta maktabni oltin medal bilan bitirib, N.Bauman nomidagi Moskva Oliy texnika bilim yurtiga (hozirda Moskva davlat texnika universiteti) o‘qishga kirdi.
1959 yili ushbu oliy o‘quv yurtini bitirgandan so‘ng, u O‘zR FA Yadro fizikasi institutida akademik Ubay Orifov raxbarligida ilmiy faoliyatini boshladi.
T.D.Radjabov 1961 yil Moskva shaxridagi akademik S.A. Vekshinskiy nomli vakuum texnikasi instituti aspiranturasiga o‘qishga kirdi va 1966 yili prof.G.F.Ivanovskiy raxbarligida nomzodlik dissertatsiyasini yoqladi.
1966 yil Radjabov T.D. Toshkentga qaytadi va dastlab fanlar akademiyasining yadro fizikasi institutida kichik ilmiy xodim, keyin esa fizika-texnika institutining elektronika bo‘limida ishlay boshladi.
Hukumat qarori bilan 1968 yilda bu bo‘lim fanlar akademiyasining alohida ilmiy tekshirish institutiga aylanadi va T.D.Radjabov 1986 yilga qadar shu institutning “Sirt va sirt osti hodisalar fizikasi” laboratoriyasi mudiri lavozimida ishladi. Ushbu laboratoriyada olingan ilmiy natijalarning umumiylashtirish va ularni amaliyotga tatbiq qilinishi natijasi sifatida Radjabov T.D.
1979 yilda Moskva shaxridagi I.V.Kurchatov nomli atom energiyasi institutida doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Doktorlik dissertatsiyasini himoya qilganidan so‘ng u ilmiy natijalarni ko‘proq amaliyotga qilish ustida jon kuydira boshladi.
Shu sabab,1986 yilda uni O‘zbekiston respublikasi fanlar akademiyasining ilmiy asbobsozlik markaziy loyihalash texnologik byurosi direktori lavozimiga tayinlashadi.
Uning bu yerda olib borgan katta tashkiliy va ishlab chiqarish faoliyat natijasida respublikamizning ilmiy laboratoriyalariga hamda chet el buyurtmalariga asosan bir qator katta ahamiyatga molik ilmiy asboblar va qurilmalar yaratildi.
1989 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasiga bo‘lib o‘tgan saylovlarda t.D.Radjabov akademiyaning muxbir-aʼzosi etib saylandi.
T.D.Radjabov fanlar akademiyasi tizimida ishlash bilan bir qatorda oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlashga xam o‘z hissasini qo‘shib keldi.
Toshkent politexnika institutining fizikaviy elektronika kafedrasida talabalarga mikroelektronikaning fizik va kimyoviy asoslari fanidan maʼruzalar o‘qib keldi va bir necha yil mobaynida davlat imtihon komissiyasiga rahbarlik qildi.
Bularning hammasi, yaʼni uning ilmiy- uslubiy tajribasi unga 1992 yildan boshlab, uni Toshkent aloqa elektrotexnika institutiga (hozirda TATU) rektor etib tayinlangandan boshlab yordam bera boshladi. Bu lavozimda u kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirish ustida faol ish olib bordi.
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasida 1995 yilda o‘tkazilgan navbatdagi saylovlarda T.D.Radjabov akademiyaning haqiqiy aʼzosi etib saylandi.
Bundan tashqari, akademik Radjabov T.D. xalqaro aloqa akademiyasi akademigi, IEEE aʼzosi (Institute of Electrical and Electronics Engineers – xalqaro elektr va elektronika bo‘yicha muhandislar instituti ), 550 ta ilmiy va ilmiy-uslubiy ishlar, 5 ta monografiya va 55 tadan ortiq ixtiro patentlari muallifidir, uning rahbarligi ostida mamlakatimizga 39 fan nomzodlari, 7 nafar fan doktorlari tayyorlandi.
Mehribon ustoz, mehnatsevar va kamtarin inson akademik Radjabov Telman Dadayevich erishgan obro‘-eʼtibori, uning siymosi universitet jamoasi hamda talabalar xotirasida abadiy saqlanadi!
Universitet maʼmuriyati marhumning oila-aʼzolariga va yaqinlariga chuqur taʼziya bildiradi!
Universitet maʼmuriyati