🗓Joriy yilning 30-yanvar kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ActInSpace xalqaro xakatonining O‘zbekiston bosqichi muvaffaqiyatli o‘tkazildi. Mazkur tadbir CNES, O‘zbekkosmos hamda TATU hamkorligida tashkil etildi.
👨💻 Xakatonda O‘zbekistonning turli hududlaridan 100 nafardan ziyod iqtidorli yoshlar ishtirok etdi. Ishtirokchilar 2 kun davomida professional mentorlar ko‘magida real kosmik muammolar asosida jamoa bo‘lib ishladi hamda qisqa vaqt ichida innovatsion yechimlarni ishlab chiqdi.
🌍 ActInSpace — bu kosmik texnologiyalar, sun’iy yo‘ldoshlar, aerokosmik muammolar va innovatsion yechimlarga bag‘ishlangan xalqaro xakaton bo‘lib, uning asosiy maqsadi yoshlar orasida kosmik sohada innovatsion fikrlashni rivojlantirish, startap g‘oyalarni qo‘llab-quvvatlash va iqtidorli talabalarni amaliy loyihalarga jalb etishdan iborat.
🏆 Musobaqa yakunlariga ko‘ra:
✔️ 1-o‘rin — “NazarX” jamoasi
G‘olib jamoa magnitli ulanishlarga ega modullardan tashkil topgan sun’iy yo‘ldosh platformasini ishlab chiqdi. Ushbu loyiha sun’iy yo‘ldoshlarni LEGO konstruktori kabi yerda yoki orbitada yig‘ish, yangilash va ta’mirlash imkonini beradi.
✔️ 2-o‘rin — “French Gambit” jamoasi Ularning AutoDock AI loyihasi foydali yuklarni tashish uchun mo‘ljallangan aqlli markaz bo‘lib, robot-manipulyatorlar yordamida inson omilisiz ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish imkonini beradi.
✔️ 3-o‘rin — “Yggdrasil” jamoasi Ular ClearSat-L — fazodagi chiqindilarni yo‘q qilishga mo‘ljallangan 3U nanosun’iy yo‘ldoshi loyihasini taqdim etdilar. Loyiha ultrabinafsha lazer, sun’iy intellekt va lidar tizimlari orqali kosmik chiqindilarni aniqlash va ularning orbital tezligini kamaytirishga qaratilgan.
🇫🇷 “NazarX” jamoasi ActInSpace xakatonining Fransiyaning Bordo shahrida bo‘lib o‘tadigan xalqaro final bosqichida O‘zbekiston nomidan ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi. Qolgan sovrindor jamoalar esa “O‘zbekkosmos” agentligida amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
📺 Mazkur tadbir haqida respublikaning qator telekanallarida, jumladan Yoshlar telekanalining “Yangi davr” informatsion dasturi, “Toshkent” telekanalining “Poytaxt” informatsion dasturi, “Sevimli” telekanalining “Zamon” informatsion-tahliliy dasturi hamda MY5 telekanalining “HUDUD” informatsion dasturi orqali maxsus reportajlar namoyish etildi.