TATU XALQARO DARAJADA E’TIROF ETILDI

  • Asosiy
  • TATU XALQARO DARAJADA E’TIROF ETILDI

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrdagi “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi PF–158-son Farmoni bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston – 2030 strategiyasi”da mamlakatimiz oliy ta’lim tizimining xalqaro raqobatbardoshligini oshirish, ta’lim sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish hamda kadrlar tayyorlash jarayonida ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish maqsadi oliy ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi belgilangan edi.

Mazkur topshiriq ijrosini o‘z vaqtida va yuqori sifatli ta’minlash, universitetning ta’lim dasturlarini xorijiy sifat standartlari asosida baholash maqsadida AQSH va Yevropaning bir qator akkreditatsiya tashkilotlari bilan hamkorlikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, universitetning “Axborot xavfsizligi” (Information Security) bakalavriat ta’lim yo‘nalishini jahonning eng nufuzli hisoblangan ABET (Accreditation Board for Engineering and Technology, Inc.) akkreditatsiya tashkiloti tomonidan tashqi baholash va xalqaro sifat me’zonlariga mosligi o‘rganildi.

ABET – AQSHning tabiiy fanlar, axborot texnologiyalari, muhandislik va texnologiyalar yo‘nalishidagi ta’lim dasturlarini baholovchi va akkreditatsiyadan o‘tkazuvchi tashkilot hisoblanib, bugungi kunda faqat 44 mamlakatning oliy ta’lim tashkilotlari bu tashkilotning akkreditatsiya hulosalarini olgan, xolos. Tashkilot tomonidan akkreditatsiya jarayonlarini o‘tkazishning eng qisqa muddati 2,5 yilni tashkil etib, unda ta’lim dasturlarining barcha ko‘rsatkichlari sinchiklab o‘rganiladi.

Yurtimizda oliy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning amaliy ifodasi sifatida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining “Axborot xavfsizligi” ta’lim yo‘nalishi ABET xalqaro akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tkazildi.

Mazkur jarayon doirasida TATUda xalqaro talablarga mos ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yilganligi, o‘quv-uslubiy ta’minotning sifat jihatdan takomillashtirilganligi, ta’lim jarayonini baholash me’zonlari xalqaro standartlarga muvofiqlashtirilganligi alohida qayd etildi. Shuningdek, talabalar bilimini baholash, ta’lim jarayonini xalqaro me’yorlar asosida rivojlantirish va bitiruvchilarning raqobatbardoshligi bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuqori baholandi.

ABET tashkilotining xalqaro darajadagi ta’lim ekspertlari tomonidan o‘tkazilgan monitoring va baholash jarayonlari natijalari yuqori darajada e’tirof etildi. Natijada, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida “Axborot xavfsizligi” yo‘nalishi bo‘yicha ABET akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tgan birinchi, barcha ta’lim dasturlari doirasida esa ikkinchi universitet sifatida tan olindi. Mazkur akkreditatsiya olti yil muddatga (2025–2031-yillar) berildi.

Ta’kidlash joizki, “Axborot xavfsizligi” ta’lim dasturlarining ABET akkreditatsiyasi 2018-yilda tasdiqlangan xalqaro me’zonlar asosida ilk bor jahonning yetakchi universitetlarida qo‘llangan bo‘lib, bu yo‘nalish bo‘yicha ta’lim dasturlarining xalqaro baholash tizimi doimo yangilanib boradi.

ABET ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda butun dunyo bo‘yicha “Cybersecurity”, “Information Security” va “Cyber Security and Digital Forensics” ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha atigi 55 ta oliy ta’lim muassasasi akkreditatsiyadan o‘tgan. Ular qatorida QS xalqaro reytingida yuqori o‘rinlarni egallagan Ayova fan va texnologiyalar davlat universiteti (QS – ), Merilend universiteti (QS – ), hamda Birlashgan Arab Amirliklari universiteti (QS – ) kabi nufuzli ta’lim muassasalari ham mavjud. Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti ushbu nufuzli universitetlar qatorida qayd etilgani ham TATUda ta’lim va tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan transformatsiya jarayonlarining xalqaro e’tirofi hisoblanadi.

Mazkur yutuq, O‘zbekiston oliy ta’lim tizimida xalqaro standartlarga asoslangan ta’lim sifatini ta’minlash, kadrlar tayyorlashda ilg‘or xorijiy tajribalarni integratsiya qilish va milliy ta’lim tizimini global ta’lim maydoniga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam hisoblanadi.

Shu o‘rinda mazkur akkreditatsiya natijalari universitet talabalarining xalqaro almashinuv dasturlari, xorijiy magistratura va doktorantura dasturlarida o‘z faoliyatlarini davom ettirishlari hamda mahalliy va global mehnat bozorida raqobatbardoshliklarini belgilovchi xalqaro baho va me’zon hisoblanadi.