Joriy yilning 5-mart kuni Muhammad al-Xorazmiy Toshkent axborot texnologiyalari universiteti hamda Koreya Respublikasining KOICA agentligi hamkorlikda amalga oshirayotgan “Integratsiyalashgan universitet tizimini tashkil etish va taqdim etish” grant loyihasi doirasida ishlab chiqilgan axborot tizimlari va onlayn xizmatlar portalini taqdim etishga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda universitet rahbariyati, KOICA agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori - Park Sunjin xonim va direktor o‘rinbosari - Jo Hyun Yon xonim, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Ta’lim muassasalari faoliyatini muvofiqlashtirish va soha kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash bo‘limi bosh mutaxassisi Djalilov G‘olib G‘ayratovich, hamda Koreyaning Ubion va Dain Leaders kompaniyalari vakillari ishtirok etdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoevning 2017-yil 22-25-noyabr kunlari Koreya Respublikasiga qilgan rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi va Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) o‘rtasida 2018-2019-yillarda hamkorlik dasturini amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro anglashinuv memorandumi imzolangan. Ushbu memorandumda nazarda tutilgan 2018-2019-yillarda hamkorlik dasturiga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning Samarqand filiali uchun integratsiyalashgan universitet tizimini tashkil etish va taqdim etish grant loyihasi ham kiritilgan.
O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik kundan kunga rivojlanmoqda. Bu hamkorlik aloqalari barcha sohalar kabi taʼlim va axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohalarini ham chetlab o‘tmadi.
Birgina misol tariqasida Muhammad al-Xorazmiy Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Koreyalik hamkorlar bilan amalga oshirilayotgan loyihalar bunga misol bo‘ladi. Bu o‘rinda KOICA agentligining amalga oshirayotgan do‘stona loyihalari va ajratayotgan beg‘araz ko‘mak mablag‘lari Respublikamizda AKT taʼlim tizimini yanada isloh qilish va rivojlantirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Mana shunday loyihalardan biri bu joriy vaqtda amalga oshirilayotgan TATU va uning Samarqand filiali uchun “Integratsiyalashgan universitet axborot tizimini tashkil etish va taqdim etish” grant loyihasi hisoblanadi.
Mazkur grant loyiha doirasida yetkazib berilgan qurilmalar universitetning infrastrukturasini rivojlantirishga hissa qo‘shsa, J.Koreyalik hamkorlar tomonidan ishlab chiqilgan taʼlim jarayonini boshqarish axborot tizimi va onlayn hizmatlar portali universitetning taʼlim xizmatlari sifatining oshishiga o‘z hissasini qo‘shadi. TATU rasmiy kanaliga obuna boʻlish