Joriy yilning 18-mart kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Teshabayev Toʻlqin Zakirovich hamda universitet professori Nishanbayev Tuygun Nishanbayevich Axborotlashtirish Xalqaro akademiyasini haqiqiy aʼzosi deb saylandi va ularga Axborotlashtirish Xalqaro akademiyasining akademigi unvoni berildi.
Unvonni egalariga topshirish marosimiga Oʻzbekiston Respublikasi Aborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sadiqov, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri I.Majidov hamda Qozogʻiston tabiiy fanlar milliy akademiyasi akademigi M.Yakubovalar tashrif buyurishdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ilgʻor texnologiyalarni qoʻllagan holda taʼlim sifatini oshirish va soha korxonalari uchun har tomonlama mukammal kadrlarni tayyorlash ishlari muntazam ravishda takomillashtirib kelinmoqda. Bu borada albatta xorijiy nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda ish olib bormay turib koʻzlangan maqsadga erishish juda mushkul hisoblanadi.
Bugungi kunda universitet uzoq va yaqin xorijiy OTMlar bilan hamkorlik qilish bilan bir qatorda, qoʻshni Qozogʻiston Respublikasining bir qator OTMlari bilan ham hamkorlikni yoʻlga qoʻygan boʻlib, ularning ichida Olmata energetika va aloqa universiteti bilan qurilgan aloqa alohida oʻrin tutadi. Ushbu universitet bilan hamkorlik kelishuvi 2017-yilda imzolangan boʻlib, bugungi kunga qadar ikki OTM oʻrtasida keng koʻlamli hamkorlik ishlari olib borilmoqda.
TATU matbuot xizmati