Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Sun’iy intellekt kafedrasi professori Abdusalomov Akmalbek Bobomirzayevich va Kriptologiya kafedrasi assistenti Qurbonaliyeva Dilshoda Vali qizi Innovatsion rivojlanish agentligining Yosh olimlar uchun qisqa muddatli ilmiy stajirovkalar tanlovida g‘olib bo‘lib, 2025-yil 24-noyabrdan 25-dekabrgacha Turkiyaning Balıkesir universitetida stajirovkada ishtirok etmoqdalar.
Ular tasvirlarga ishlov berish bo‘yicha zamonaviy ilmiy usullar, ilg‘or tadqiqotlar va ularning amaliy qo‘llanilishi bilan tanishish, shuningdek, tarmoq xujumlarini aniqlashda sun’iy intellekt va honeypot texnologiyalaridan foydalanish bo‘yicha tajriba orttirmoqdalar. Stajirovka davomida tasvirlarga ishlov berish va kiberxavfsizlik yo‘nalishlarida dolzarb masalalar, zamonaviy yechimlar hamda hamkorlikda tadqiqotlar olib borish imkoniyatlari muhokama qilinadi.
Shu bilan birga, Balıkesir universiteti Kompyuter injiniringi kafedrasi mudiri Prof. Ayhan İstanbullu boshchiligidagi jamoa bilan “O‘zbekiston–Turkiya” qo‘shma ilmiy loyihasi — qishloq xo‘jaligi maydonlarida sun’iy intellekt asosida real vaqt rejimida yong‘inlarni aniqlash va monitoring qilish tizimini yaratish — bo‘yicha uchrashuv o‘tkazildi.

