Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oliy taʼlim tizimini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2017-yil 20-apreldagi PQ-2909-son qaroriga asosan oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida sogʻlom raqobat muhitini yaratish, taʼlim sifatini yana-da yuqori bosqichga olib chiqish va ularni xalqaro reytinglarga kirishiga har tomonlama koʻmaklashish maqsadida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan soʻnggi uch yilda oliy taʼlim muassasalarining Milliy reytingi eʼlon qilib borilmoqda.
Quvonarlisi, joriy yil mazkur reytingda Respublikamizdagi Oliy ta’lim muassasalari orasida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti eng yuqori o‘rinlardan birini qaydi etdi.
Taʼkidlash joizki, milliy reytingni aniqlash uchun zarur boʻlgan asosiy maʼlumotlar joriy yilning mart oyiga qadar umumlashtirib boʻlingan edi. Kutilmaganda kelgan koronavirus pandemiyasiga qaramasdan milliy OTMlar reytingini aniqlash boʻyicha ishlar davom ettirildi. Shuningdek, qoʻshimcha oʻrganish talab qilinadigan maʼlumotlar masofadan turib yoki joyiga chiqqan holda oʻrganildi. Bir necha marotaba oliy taʼlim muassasalari rektorlari bilan har bir indikator boʻyicha maʼlumotlar tahlil qilinib, toʻliq shaffof holatga keltirildi. Reyting ballarini hisoblashdan oldin tahliliy oʻrganilgan maʼlumotlar tasdiqlash uchun oliy taʼlim muassasalari rektorlariga taqdim etilgan.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerakki, umumiy reytingda Oʻzbekiston milliy universiteti, Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Samarqand davlat universiteti, Toshkent axborot texnologiyalar universiteti, Toshkent davlat agrar universiteti yetakchi oʻrinlarni egallashdi.
TATU matbuot xizmati