O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 31-maydagi PQ-167-sonli “O‘zbekiston Respublikasining muhim axborot infratuzilmasi obyektlari kiberxavfsizligini ta’minlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida ko‘zda tutilgan vazifalarni o‘z vaqtida, mukammal bajarish yuzasidan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti o‘z professor-o‘qituvchilarini dunyoning rivojlangan davlatlarining universitetlari va markazlarida malaka oshirish, stajirovka dasturlarida ishtirok etishini doimiy ravishda monitoring qilib boradi hamda ushbu jarayonlarga alohida ahamiyat berib kelmoqda.
TATU Kompyuter tizimlari kafedrasi mudiri Raximov Mexriddin Fazliddinovich Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi “AKT sohasida kadrlar malakasini oshirish” grant dasturi doirasida Yaponiyaning Okinava JICA va Fujitsu Co.Ltd. xalqaro markazida qariyb besh oy davom etgan trening kursini muvaffaqiyatli yakunladi.
🗒 24-yanvardan 24-maygacha boʻlib oʻtgan asosiy kursda AKT dan foydalangan holda tashkilotlar faoliyatini takomillashtirishni rejalashtira oladigan va amalga oshira oladigan kadrlarni shakllantirish boʻyicha bilim va ko‘nikmalar berildi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bo‘yicha ma’ruzalar bilan bir qatorda, tinglovchilar Okinava ichida va tashqarisidagi ma’muriy muassasalar va xususiy kompaniyalarga tashrif orqali AKT afzalliklari haqida turli bilimlarga ega bo‘ldilar.