Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida Erasmus+ dasturi doirasida amalga oshirilayotgan “Raqamli qishloq xoʻjaligi uchun yangi va innovatsion kurslar - NICoPA” (2018-2021) loyiha asosida 2020/2021 oʻquv yilidan boshlab “Geoaxborot tizimlari va texnologiyalari” nomli magistratura yoʻnalishi ochildi.
Ushbu yoʻnalishning boʻlajak magistrantlari Yevropaning nufuzli universitetlari (Technical university of Berlin, Agricultural university Plovdiv, Czech university of Life sciences Prague) bilan hamkorlikda tayyorlangan oʻquv reja asosida taʻlim olishadi.
Bunda Geoaxborot tizimlari, Masofadan zondlash texnologiyalari va ilovalari, SENTINEL-1-2-3 tasvirlari bilan ishlash, Kompyuter koʻrishi, Geo-portal, geo-xizmat, geo-tahlil tizimlari uchun veb texnologiyalar, Raqamli qishloq xoʻjaligi asoslari, Geoaxborot tizimlarida sunʻiy intellekt va boshqa shu kabi mutaxassislik fanlari asosida zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega boʻladilar.
Oʻz navbatida loyiha doirasida PAL (Precision Agriculture Lab) laboratoriyasi tashkil qilinishi va magistrantlarning fanlarni oʻzlashtirishi hamda ilmiy ishlarini samarali olib borishida bevosita mazkur laboratoriya qurilmalari va jihozlaridan foydalanish rejalashtirilgan.
TATU matbuot xizmati