Yigirma to‘rt yoshida fan doktori (PhD) bo‘lgan Farhod Alisherov bilan suhbatimiz uning xorijda orttirgan tajribasi, mamlakatimizda ta’lim tizimidagi muammolar va uni yuksaltirish yo‘llari, ayniqsa, AKT sohasi mutaxassislarini tayyorlashning dolzarb jihatlari, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar haqida kechdi.
1988 yili Toshkent shahrida, huquqshunoslar xonadonida tavallud topgan Farhod 2008 yili TATUning Iqtisodiyot va boshqaruv fakultetini muvaffaqiyatli tamomlab, o‘qishni Koreya Respublikasining Hannam universitetida davom ettirdi. Ikki yil magistratura va so‘ng doktoranturada o‘qigan yosh olim ustozi Pak Pyon Ju rahbarligida doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qildi. Ma’lum vaqt TATUning “Multimedia texnologiyalari” kafedrasida katta o‘qituvchi bo‘lib ishladi. Yangi laboratoriya tashkil etilishiga hissa qo‘shdi. 2015 yilda AQSHga yo‘l oldi va Luiziana shtati universitetida multimedia texnologiyalari yo‘nalishida talabalarga dars berdi. 2017 yil noyabr oyidan yana yurtimizga qaytib, TATUning “Multimedia texnologiyalari” kafedrasida ishini davom ettirmoqda.
Manba: xabar.uz