Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi

  • Asosiy
  • Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida nutq so‘zladi

Bugun, 23 sentabr kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida chiqish qildi. Unda davlat rahbari mintaqa va global miqyosda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, barqaror taraqqiyot, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kabi masalalarda o‘z tashabbuslarini ilgari surdi.

 Ushbu tarixiy ahamiyatga ega chiqishni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rahbariyati, professor-o‘qituvchilari hamda talabalar kuzatib borishdi.

BMTda Bosh Assambleyasida ilk marotaba o‘zbek tilida nutq yangradi.

O‘zbekiston prezidenti o‘z nutqini koronavirus pandemiyasi mavzusidan boshladi.

«Bunday global falokat sayyoramizda so‘nggi yuz yilda kuzatilmagan edi. Bu ofat butun insoniyatning zaif jihatlarini yaqqol ko‘rsatdi. Hozirgi tahlikali va murakkab vaziyat yer yuzidagi barcha davlatlar va xalqlar o‘zaro bog‘liq ekanini, o‘rtamizda muntazam muloqot, ishonch va yaqin hamkorlik o‘ta muhimligini isbotladi.

Shu yo‘lda barchamiz hukumatlar, parlamentlar va fuqarolik jamiyatlarining o‘zaro sa’y-harakatlarini birlashtirish, umumiy mas’uliyat tamoyillarini mustahkamlash, xalqaro sheriklikni muvofiq holda  rivojlantirish, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining maqomi va salohiyatini oshirish, vakolatlarini kengaytirish lozimligini chuqur angladik.

Maqsadimiz – har bir insonning asosiy huquq va erkinliklarini,  salomatligi va farovonligini ta’minlaydigan adolatli global tizimni birgalikda yaratishdir.

Bu borada biz Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqishni taklif etamiz. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro hamkorlari oldidagi majburiyatlari aks etishi lozim», dedi Shavkat Mirziyoyev.

O‘zbekistonda koronavirus qayd etilgan dastlabki kunlardan boshlab barcha sa’y-harakat va resurslar bu xavfli kasallikni jilovlash va eng asosiysi – odamlar hayotini saqlab qolishga qaratilgani ta’kidlandi. Pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatish uchun ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimlari keskin kuchaytirilayotgani, aholiga, iqtisodiyot tarmoqlari va biznesga manzilli ko‘mak ko‘rsatilayotgani, shu maqsadda maxsus jamg‘armalar tuzilgani qayd etib o‘tildi.

Prezident fursatdan foydalanib, sinovli damlarda beg‘araz yordam ko‘rsatgan barcha do‘st va hamkorlarga chuqur minnatdorlik izhor etgan.

«Biz xalqaro hamjamiyatning pandemiyaga qarshi samarali kurashish bo‘yicha barcha harakatlarini, jumladan, zarur dori-darmon hamda vaksinalar ishlab chiqish va ulardan keng foydalanishga qaratilgan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

Shuningdek, Bosh kotib Antoniu Guterrish janoblarining bugungi inqirozli vaziyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashning dolzarb muammolariga bag‘ishlangan sammitni o‘tkazish bo‘yicha taklifini ma’qullaymiz», degan davlat rahbari.

 

Davlatimiz rahbarining chiqishidan so‘ng, TATU Yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori, siyosiy fanlar nomzodi, dotsent Xayrulla Umarov Universitet professor-o‘qituvchilariga ushbu nutq jahon siyosiy maydonida qanchalik muhim ahamiyatga ega ekanligi, prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi murakkab vaziyatda nafaqat mamlakatimiz, balki jahon siyosiy-iqtisodiy maydonidagi tub islohotlarga to‘xtalib o‘tganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

X.Umarov Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi o‘zbek tilidagi chiqishi milliy tilimiz, milliy davlatchiligimiz muhim ahamiyatga ega ekanligini va bu orqali Ona-tilimizning xalqaro maydondagi nufuzini yanada oshirganini alohida ta’kidlab o‘tdi.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi