23 may kuni Huawei kompaniyasi Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorlikda har yillik «Seeds for the Future» loyihasining ishtirokchilarini taqdirlash marosimini o‘tkazdi.
Besh yildan buyon Huawei O‘zbekistonda ushbu loyihani amalga oshirib kelmoqda, har yili universitetimiz talabalari Huawei kompaniyasining bosh qarorgohida o‘tkaziladigan treninglarda qatnashmoqdalar.
TATU bilan hamkorlikda Huawei «Seeds for the Future» loyihasi uchun 2019 yilning 31 mayidan 15 iyuniga qadar Xitoyda stajirovka o‘taydigan 10 ta iqtidorli talabani aniqladi. Stajirovka davomida talabalarga Huawei kompaniyasining innovatsion texnologiyalari namoyish qilinadi va 5G tarmog‘ini o‘rganish, IoT yechimlar, bulutli texnologiyalar, Big data (katta hajmdagi ma’lumotlar) bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkaziladi. Toshkent axborot texnologiyalari universiteti O‘zbekistondagi Huawei kompaniyasining uzoq yillik va ishonchli hamkori hisoblanadi. Huawei kompaniyasining aksariyat muhandislari va mutaxassislari mazkur universitet bitiruvchilaridir. Mana bir necha yildan beri, iste’dodli talabalarni rag‘batlantirish maqsadida kompaniya mazkur ta’lim dargohidagi yosh olimlarini qo‘llab-quvvatlab, universitetga homiylik yordamini ham ko‘rsatib kelmoqda
Ma’lumot uchun, «Seeds for the Future» loyihasi – sayyoramizdagi 350 ta yetakchi OTMlarni o‘z ichiga olgan global ta’lim dasturi. Dasturga 2008 yilda asos solingan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida jahonning 125 ta davlati va mintaqalaridan 40 000 nafar inson unda qatnashgan, 4725 nafar ishtirokchiga esa Xitoyda stajirovka o‘tish imkoniyati taqdim etilgan.