O'zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Huawei kompaniyasida malaka oshirayotgan TATU talabalari bilan uchrashdi

  • Asosiy
  • O'zbekistonning Xitoy Xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Huawei kompaniyasida malaka oshirayotgan TATU talabalari bilan uchrashdi

Joriy yilning iyun oyi boshida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining 10 nafar talabasi Huawei kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan "Kelajak nihollari" dasturi doirasida Xitoyga ikki haftalik amaliyot o'tash uchun tashrif buyurgan edi.

14 - iyun kuni Huawei Bosh ofisida "Kelajak nihollari" dasturida ishtirok etgan talabalarni taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. O'zbekiston Respublikasining Xitoy xalq Respublikasidagi favqulodda va muxtor elchisi Baxtiyor Saidov talabalarni qo'llab-quvvatlash maqsadida tadbirga tashrif buyurdi. Baxtiyor Saidov o'z nutqida mamlakatimiz taraqqiyoti uchun IT sohasida yosh-malakali mutaxassislarni tayyorlash muhimligini ta'kidlab, Huawei kompaniyasining O'zbekiston talabalariga ta'lim va tadqiqot dasturlarini rivojlantirishga qo'shayotgan hissasi uchun minnatdorchilik bildirdi.


"Biz Huawei Bosh ofisida janob elchini qabul qilib, hurmatli mehmonlarni O'zbekistonning raqamli transformatsiyasini, xususan, qishloq joylarda texnologiyalarni amalga oshirish va “xavfsiz shahar” loyihasini amalga oshirish imkonini beradigan echimlar bilan tanishtirishdan mamnunmiz. Ayniqsa, "Kelajak nihollari" dasturi bo'yicha o'qigan talabalarimizni taqdirlash marosimida ishtirok etish uchun tashrif buyurgan janob elchiga minnatdorchilik bildirmoqchiman. Davlat rahbariyati vakillari o'z mamlakatining AKTni rivojlantirishda keyingi faoliyatni amalga oshirish uchun innovatsion texnologiyalar bo'yicha bilim olishga intilishlarini qo'llab - quvvatlashi yosh avlod uchun uchun katta ahamiyatga ega",-dedi tadbirda ishtirok etgan Huawei bosh direktori Janob Liu Jiasin.


Amaliyot dasturi Xitoyning ikki yirik markazi - Pekin va Shenzhen shaharlarida tashkil etildi. Amaliyot dasturi davomida TATU talabalari uchun Huawei kompaniyasining 5G, BIG DATA, bulutli texnologiyalar bo’yicha treninglar o'tkazildi. Shuningdek, talabalar Xitoy madaniyati va diqqatga sazovor joylari bilan tanishtirildi.

Talabalar Huawei kompaniyasining shaharsozlik va hududlarni obodonlashtirish, "aqlli shahar" konsepsiyasi asosida uy-joy kommunal sohasida AKTdan foydalanish, favqulodda vaziyatlarni boshqarish, bulutli hisob-kitoblarga asoslangan katta ma'lumotlarni qayta ishlash hamda axborotlarni saqlash kabi sohalardagi innovatsion loyihalar bilan tanishtirildi.Tadbir davomida talabalar hamda mehmonlarga "xavfsiz shahar" konsepsiyasi namoyish etildi.


Ma’lumot o’rnida aytib o’tish joizki, besh yildan buyon O'zbekistonda "Kelajak nihollari" ("Seeds for The Future") dasturi amalga oshirilmoqda. Shu vaqt ichida TATUning 50 nafar talabasi Xitoyda amaliyot o'tagan, shuningdek, kompaniyaning Toshkentdagi innovatsion markazi ham samarali faoliyat yuritib kelmoqda. "Kelajak nihollari" dasturi 2008-yilda Huawei kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan bo'lib, dasturning butun faoliyati davomida 108 mamlakatdan 30 000 dan ortiq yoshlar ro’yxatdan o'tgan, 4725 nafar talaba Xitoyda amaliyot o'tagan.

TATU matbuot xizmati