SAID AHMAD BILAN 3 UCHRASHUV

  • Asosiy
  • SAID AHMAD BILAN 3 UCHRASHUV

Adib, jamoat arbobi Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga

Xotira va qadrlash bayrami  oʻtayotgan tarovatli bahorning quyoshli   kunlaridan birida muazzam Toshkentning qoq markazida   8 gektarlik  jannatmonand  bogʻ yaratilib ishga tushirildi, u Adiblar xiyoboni,  deb nomlandi.  Ajoyib bogʻda millatning faxri boʻlgan yigirmadan ziyod  adabiyot namoyandalari haykalining  ham ochilishi chinakam  tarixiy voqeaga aylanib ketdi. Siz bu yerga qadam ranjida qilgudek boʻlsangiz, Oʻzbekiston madaniyati tarixining takrorlanmas oltin sahifalari kino lentasiday bir-bir yodingizga kelaveradi.

xxx

          Oʻzbek elining faxri-iftixoriga aylangan adib, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad hozir hayot boʻlganida, ayni  10-iyun kuni   qutlugʻ yuz yoshga toʻlgan boʻlardi. Albatta, bu kun oʻzbek zamonaviy adabiyoti uchun haqiqiy shodiyonadir. Quyida adibning bir muxlis shogirdi sifatida ustoz hayotining  ayrim  qirralarini uch uchrashuv misolida  yoritishga harakat qilaman. 

         Ardoqli adibimiz Said Ahmad bilan birinchi uchrashuvim 1980-yillarning oʻrtalarida boʻlib oʻtgan edi. Oʻshanda adibning roman, qissa, hikoyalari allaqachon oʻquvchilarning mehrini qozongan, ustoz mashhurlik  pillapoyasining yuqori zinasiga  koʻtarilgan  paytlar edi.  Biz, yosh  shoir, tanqidchi va qalamkashlar  el orasida tanilgan ijodkor shaxslarning atrofida  girdikapalak  boʻlib yurardik. Xadraning Navoiy koʻchasida joylashgan  Noshirlar uyida oʻzbek adabiyotining  yalovbardorlari va  oʻz ishining ustalari: Erkin Vohidov, Omon Matjon, Jamol Kamol, Mashrab Boboyev, Nizom Komilov, Xayriddin Sultonov, Nosir Fozilov, Erkin Aʼzam, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf va boshqalar mehnat qilishardi. Kamina ham  Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotning “Nasr tarjimasi”  tahririyatida muharrir  boʻlib ishlardim. Sheʼriy, nasriy va tarjima kitoblarning nishona nusxasi va taqdimoti shundoqqina pastda, Mahmud moʻylovning choyxonasida (hozirgi Goʻmma oshxonasi) nishonlanar edi. Qazi qartasiz oddiy dasturxon -  palov, kabob, somsa hamda lim toʻla “achchiq-chuchuk”dan iborat  kamtarona davraning toʻrida koʻpincha Said Ahmad, Rauf Parfi  kabi idoramizda ishlamaydigan taniqli ijodkorlar oʻtirguvchi edi. Said Ahmad akaning GAZ-24  oq Volga mashinasini  kunda-shunda choyxona oldida koʻrar edik.

        -Okovsi, oʻtir, hozir  obroʻyingni koʻtarib beraman,-hazillashardi  Said Ahmad aka.–Ijodiy yutugʻingni  “yuvish”ga aytilganlar  toʻplanib boʻldimi?

        Hamma gur etib ustozning atrofiga  oʻz daraja va maqomimizga yarasha joylashib olardik. Oʻn-oʻn besh kishilik  davrada koʻpincha tanqidchi Ibrohim Gʻafurov, keyin Said Ahmad  roman, qissaning  koʻz ilgʻamas nozik qirralarini chertib-chertib ochib berishardiki,  nazdimda bunday “dabdabali” taʼrifu tavsiflarni ularning ota-onasi ham hech qachon  ayta olmagan boʻlardi.

       -Bolam,    sani osmonga koʻtarib qoʻydim, buni  aslo ziyofating sharofatidan demagil, oʻzing toʻgʻri odamsan, -derdi Said Ahmad aka dilbarlik bilan. -Muhimi, rost  soʻzlash va rost yozishdir. E-he,  bizning boshimiz qancha  yolgʻonchi-yu, tuhmatchilarni koʻrmadi?! Gadoning dushmani gado boʻlar ekan, ukajon.  Bir narsaga xursandman: oʻligim begona yurtlarda qolmadi. Doʻzax azobidan chiqib kelib ham yozdim, yozaverdim. Senga ham shuni maslahat beraman.

        Bizning roʻparamizda oʻtirgan hurmatli adib, yaʼni SYA - 928 raqamli sobiq “siyosiy mahbus”   besh yillik surgundan  soʻng, 1955-yilda yurtiga qaytib kelganini  bilardik, ammo bu haqida oʻzlari deyarli gapirmasdi. Bir gal sevimli ukaxoni, adibimiz  Oʻtkir Hoshimov  atrofimizda kechayotgan “gʻaroyibona”  voqealardan taʼsirlanib,  kattaroq  romanlar yozmaysizmi, deb soʻraydi, shunda ustoz: “yozish uchun hammasini yurakdan oʻtkazish, his qilish kerak. Yurak koʻtarmaydi, yurak tamom boʻlgan, ukam, asab chidamaydi”, deb javob beradi. Said Ahmad aka hozirjavob, toʻgʻrisoʻz, oqibatli, gapga  chechan kishi edi. Suhbat  hazil-mutoyibaga boy,  shirindan shakar boʻlib, davra qurgan mahalda  atrofi odamga toʻlib ketardi.

       Nihoyat, “taqdimot”imiz jiddiyroq koʻrinish olib, tandirdan  uzilgan  issiq nonlardek  yangi  kitoblar dasturxonga qoʻyilardi. Soʻng, ziyofat boshlanar, adabiy gurungda  adabiyot,  turmush, davr qahramoni  mavzularigina emas, yaxshilik va yomonlik koʻchasida uchraguvchi ibratomuz voqealar tahlilu tadqiqdan oʻtardi...

Adabiyot  muallimlarining bizga  uqtirgan shunday saboqlari oʻzlari bitgan kitobdek  ancha  koʻlamdor, maʼnoli  boʻlib, buyuk maestro chalgan ohang-u oʻlmas qoʻshiqlar yangligʻ  qulogʻimiz  ostida jaranglab turaverardi.

         Ustoz bilan ikkinchi uchrashuvim  yozgan asarlarini oʻqib-oʻrganish  asnosida  kechdi. Adibning uslubi shaxsiyatiga,  xarakteriga  juda oʻxshaydi, degan gapda jon bor. Misol uchun, Abdulla Qodiriy,  Oybek, Togʻay Murodning ichki dunyosi, fikrlash tarzi, hatto soʻzlash uslubi ularning oʻlmas asarlariga koʻchganligini zamondoshlari tasdiqlaydi (“Adib zamondoshlari xotirasida” nomli turkum kitoblarni oʻqisangiz, bunga guvoh boʻlasiz).  Chamamda u yoqda meni ikkita narsa qutqarib qoldi. Bittasi hazil-huzilga oʻchligim. Yumor hissining kuchliligi. Ikkinchisi shuki, juda kam uxlayman. Doim tetik boʻlishga harakat qilaman” deguvchi edi ustoz  bir gal qamoqdagi yillarini xoʻrsinish bilan eslab.

          “Said Ahmad baʼzan kitobxon kulavermasa, qitiqlab kuldiradi, yigʻlayvermasa koʻziga piyoz surtib yigʻlatadi” deydi nasr ustasi, adibimiz Abdulla Qahhor.  Rostdan ham, Said Ahmad  ijodida kulgining koʻlami benihoya keng va rang-barang. U har gal tanlab olingan voqeaning oqimiga, qahramonlarning saviyasiga, oʻzining niyatiga mos ravishda kulgining shakllarini qoʻllaydi. “Choʻl hikoyalari” turkumida, “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasida, “Ufq” trilogiyasining baʼzi epizodlarida kulgi orqali oʻquvchining tuygʻusiga taʼsir qiladi.  Ufq” trilogiyasi (1964-74)da  ikkinchi jahon urushining olovli yillarida Katta Fargʻona kanali qurilishi misolida xalqimizning front orqasida koʻrsatgan mehnat qahramonligi, mehnatkashligi, toʻgʻrisoʻzligi, metin irodasini hamda urushdan oldingi va keyingi davrning muammolarini  ustakorlarcha  tasvirlaydi. “Jimjitlik”  (1988)romanida sobiq ittifoqda  ancha yillar hukm surgan turgʻunlik davri illatlarini fosh etishga harakat qiladi. 

        Ayniqsa, yumoristik mahorati “Kelinlar qoʻzgʻoloni” (1976), “Kuyov” (1986) komediyalarida yorqin namoyon boʻldi, desak yanglishmaymiz.  Birinchi asari ming martadan koʻproq namoyish etildi, hatto oʻnlab davlatlarning sahnalarini  gulga toʻldirdi. “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektaklida kattakon oʻzbek oilasida qaynona va kelinlar oʻrtasida  mehr-oqibat, oʻzaro hurmat qadriyatlarining ustunligi (gʻarb  oilasi uchun  jumboqning jumbogʻi) mohirona  koʻrsatilib,  hatto demokratiya  rivoj topgan davrlarda ham oʻzbek urf-odatlarini  arab-avaylash  gʻoyasi  yotadi.  Uning asarlari ohangi, tarovati, yumori hech kimnikiga oʻxshamaydi. Qaniydi, har bir yosh adib  joʻshqin hayotning oʻzidan kulgini topib, asarlariga boplab koʻchirsa va hammani qoyil qoldirsa, degim keladi.

       Hayot – muallim, u ham oʻrgatadi, ham kuldiradi, ham yigʻlatadi. Said Ahmad bir marta tili kuyganidan keyin, yirik polotnolar – romanlar yozish yoʻlidan bormadi, balki oʻzi ishlagan “Mushtum” jurnali “odob”taʼlimiga suyanib, hayotdagi  kamchiliklarni   xalqning nazariga tushgan miniatyuralar teatri orqali hajv ostiga olaverdi.  “Yoʻqotganlarim va topganlarim” (1998), “Qorakoʻz majnun” (2001), “Kiprikda qolgan tong” (2003) kabi kitoblarida  boshidan oʻtkazgan qora kunlarni xotirladi. Mazkur  asarlar oʻzbek nasrining oltin xazinasidan oʻrin egalladi. 

       Xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni, 2020-yilda  bir asrlik yoshi nishonlanadigan  Said Ahmad  bilan uchinchi uchrashuvim  Adiblar xiyobonida sodir boʻldi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kuch-gʻayrati va tashabbusi bilan Xalqlar doʻstligi  koʻchasida   ochilgan  ushbu  maskanda Said Ahmad va Saida Zunnunova xotirasiga   oʻrnatilgan  haykal ham bor. Sevib-sevilib oila qurishga kirishgan, nikoh kuni (1949-yil noyabri oxiri)  Saidaxonnnig yolgʻiz ukasi vafot etib, bazm sal keyinga qoldirilgan, yanvar oyida esa tuhmat, aldov tufayli qoʻqqisdan mahkamaga tortilib, “troyka” (“osoboye soveshaniye”) qarori bilan xalq dushmani sifatida oʻn yilga hukm qilingan, Qozogʻistonni  Jesqozgʻoni qahraton sovugʻida besh yil qamoq muddatini oʻtab, onasining Usmon Yusupovga shaxsan oʻzi topshirgan xati sabab, ozodlikka chiqib, yana shu odamning tavsiyasiga koʻra, “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga olinib, yelkasiga oftob tekkan, shu zaylda hayoti bir maromga tushib ketib, sabr-bardoshini sinab, ajoyib roman, qissalarni yozishga kirishgan Shaxsning matonati bugungi oʻzbek yoshlariga  andoza boʻlishga arzigulik. Bundan ham muhimi, yurt, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga qoʻshgan hissasini hisobga olib, davlatimiz “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (1990), “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni (1999)ga loyiq koʻrdi.  Agar Oʻzbekistonimiz  1991-yilda mustaqillikka erishmaganida va ijod ahliga bunchalik hurmat-eʼtibor berilmaganida, Said Ahmad  va boshqa yozuvchi-yu shoirlar hozirgidek  izzat-ikromga yetishmagan boʻlardi.

           Men bugun yana xiyobonga, haykalning yoniga kelgach,  ozgina xayolga berildim. Ikki zahmatkash adib, vafo-sadoqat  timsoli, murakkab taqdirli shaxslar (Saida opa  51 yoshda, Said Ahmad aka 87 yoshda,  yaʼni rafiqasining vafotidan keyin 30 yil oʻtib vafot etgan)ning   ilhaq-la  bir-biriga yoʻllagan  maktublari, rafiqasining kundaligi “Said bilan  Saida” hujjatli filmi, “Sabr-u sadoqat” 5 qismli serialini  yaratishga  asos boʻlib xizmat qilgandi (ssenariy muallifi adibning qizi Nodira Husanxoʻjayeva).  Sevgi, andisha, kechirimlilik, sadoqat tarannum etilgan  maktublarni hayajonsiz oʻqib boʻlmasdi. “Said Ahmad aka, toʻgʻri, sochimda oq tolalar koʻpaygan. Tezroq kelmasangiz, butunlay oqarib ketadi. Unda nima qilamiz? Sochingizni boʻyang, desangiz men epchilroq ham emasman. Yaxshisi, tezroq keling. Baʼzida oyim hazillashadi. “Agar shunday qilsa, men ham bir qiynayman, oʻgʻlingizning ham sochi oqaradi. Undan keyin teng boʻlamiz”, deyman. Said Ahmad aka, iloji boʻlsa xat yozib turing. Men oʻsha yerdamisiz-yoʻqmi, bilolmayapman. Juda koʻpdan xat yoʻq...

         Koʻrpa-yostiq masalasi qalay? Koʻrpangiz eskib ketgandir. U yerda qanaqa beradi, bilmayman. Kerak boʻlsa yozing, bir iloj qilib yuborarman. Hurmat bilan, Saida. 1952-yil.

Oltin yaproqlarni toʻzgʻitgan kuzning

Oydinli tunida uchrashdik ikkov.

Bahor, maysalardan gʻuncha ochgan tong,

Judolik bagʻrimga tashladi olov.

Rasmingga qarayman, gʻamgin va mahzun.

Koʻzingda yonadi istiqbol nuri

Bilaman koʻksingda qaynaydi hamon

Mehru vafolarning koʻrki, gʻururi.

 Said Ahmad. Qamoqdan yuborilgan dilnoma. Jezqozgʻon 3.I.53”.

         Shu lahzalarda bir shogird, kitobxon  sifatida  uchinchi uchrashuvdan oʻzim uchun topganlarim, anglab yetganlarim  oldingilaridan oʻn chandon baland ekanini his etdim. Davlatimiz rahbarining bu ajoyib gʻoyani amalga oshirishida chuqur maʼnoni anglaganday boʻldim. Adabiyot yashasa – millat  yashaydi!  Adabiyot – millatning koʻngli, u qahramonlari soʻzlari,  daldalari  yordamida qalblarga kirib boradi, insonni mayda-chuyda  tashvishlardan qutulib, yuqori manzillarni koʻzlashga  undaydi. Adabiyot insonnning ogʻriqlari, ilohiy ogʻriqlari. U insonnning yorugʻ orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlaydigan, oʻquvchiga hayotbaxsh kuch ato etuvchi goʻzal hissiyotlar!  Nasr (roman, qissa, hikoyalar) millat tafakkurini, sheʼriyat tuygʻusini tarbiyalaydi (Xorxe Borxes). Demak, fuqaroning maʼnaviy-ruhiy olami boyisa, oʻzini anglasa, fikrlay (fikrsizlikdan xudo asrasin) boshlasa, gʻayrati  birdan joʻsh urib, togʻlarni zabt etishga  chogʻlansa, oʻzbek oilasida  pokiza muhit yaratiladi, ahillik paydo boʻladi, demak, jamiyatga toza ruh kiradi, odamlarda poklanish, tozarish uchqunlari koʻrinadi, Ovrupoga oʻxshab farovon turmush qurishga bel bogʻlaydi, davlatning  maqomi, nufuzi ham birdan  koʻtariladi. Millat yuksalish sari yuz buradi...  

Hayot  murakkab, tilsimli voqealarga juda boy. Said Ahmadga oʻxshagan sabrli va kuchlilarni yoqtiradi hayot. Umr yoʻllari boshida  qiyin-qistovli kunlar boshlangani, soʻng kecha-yu kunduz tinimsiz ijod  ogʻriqlari koʻpaygani bois,  fikri ojizimcha, darveshu oshiqona  suhbatlarga toʻymagan  bu ikki sadoqatli rafiqning abadiy suhbatlar qurishiga nihoyat imkon tugʻilganidan xursand boʻldim.

Va, ularning suhbatiga xalal bermaslik uchun  ohistagina xiyobondan uzoqlasha boshladim.

 

Muallif: Baxtiyor OMON, adib, siyosiy fanlar doktori (TATU)