
Adib, jamoat arbobi Said Ahmad tavalludining 100-yilligiga
Xotira va qadrlash bayrami oʻtayotgan tarovatli bahorning quyoshli kunlaridan birida muazzam Toshkentning qoq markazida 8 gektarlik jannatmonand bogʻ yaratilib ishga tushirildi, u Adiblar xiyoboni, deb nomlandi. Ajoyib bogʻda millatning faxri boʻlgan yigirmadan ziyod adabiyot namoyandalari haykalining ham ochilishi chinakam tarixiy voqeaga aylanib ketdi. Siz bu yerga qadam ranjida qilgudek boʻlsangiz, Oʻzbekiston madaniyati tarixining takrorlanmas oltin sahifalari kino lentasiday bir-bir yodingizga kelaveradi.
xxx
Oʻzbek elining faxri-iftixoriga aylangan adib, Oʻzbekiston Qahramoni, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad hozir hayot boʻlganida, ayni 10-iyun kuni qutlugʻ yuz yoshga toʻlgan boʻlardi. Albatta, bu kun oʻzbek zamonaviy adabiyoti uchun haqiqiy shodiyonadir. Quyida adibning bir muxlis shogirdi sifatida ustoz hayotining ayrim qirralarini uch uchrashuv misolida yoritishga harakat qilaman.
Ardoqli adibimiz Said Ahmad bilan birinchi uchrashuvim 1980-yillarning oʻrtalarida boʻlib oʻtgan edi. Oʻshanda adibning roman, qissa, hikoyalari allaqachon oʻquvchilarning mehrini qozongan, ustoz mashhurlik pillapoyasining yuqori zinasiga koʻtarilgan paytlar edi. Biz, yosh shoir, tanqidchi va qalamkashlar el orasida tanilgan ijodkor shaxslarning atrofida girdikapalak boʻlib yurardik. Xadraning Navoiy koʻchasida joylashgan Noshirlar uyida oʻzbek adabiyotining yalovbardorlari va oʻz ishining ustalari: Erkin Vohidov, Omon Matjon, Jamol Kamol, Mashrab Boboyev, Nizom Komilov, Xayriddin Sultonov, Nosir Fozilov, Erkin Aʼzam, Shavkat Rahmon, Muhammad Yusuf va boshqalar mehnat qilishardi. Kamina ham Gʻafur Gʻulom nomidagi nashriyotning “Nasr tarjimasi” tahririyatida muharrir boʻlib ishlardim. Sheʼriy, nasriy va tarjima kitoblarning nishona nusxasi va taqdimoti shundoqqina pastda, Mahmud moʻylovning choyxonasida (hozirgi Goʻmma oshxonasi) nishonlanar edi. Qazi qartasiz oddiy dasturxon - palov, kabob, somsa hamda lim toʻla “achchiq-chuchuk”dan iborat kamtarona davraning toʻrida koʻpincha Said Ahmad, Rauf Parfi kabi idoramizda ishlamaydigan taniqli ijodkorlar oʻtirguvchi edi. Said Ahmad akaning GAZ-24 oq Volga mashinasini kunda-shunda choyxona oldida koʻrar edik.
-Okovsi, oʻtir, hozir obroʻyingni koʻtarib beraman,-hazillashardi Said Ahmad aka.–Ijodiy yutugʻingni “yuvish”ga aytilganlar toʻplanib boʻldimi?
Hamma gur etib ustozning atrofiga oʻz daraja va maqomimizga yarasha joylashib olardik. Oʻn-oʻn besh kishilik davrada koʻpincha tanqidchi Ibrohim Gʻafurov, keyin Said Ahmad roman, qissaning koʻz ilgʻamas nozik qirralarini chertib-chertib ochib berishardiki, nazdimda bunday “dabdabali” taʼrifu tavsiflarni ularning ota-onasi ham hech qachon ayta olmagan boʻlardi.
-Bolam, sani osmonga koʻtarib qoʻydim, buni aslo ziyofating sharofatidan demagil, oʻzing toʻgʻri odamsan, -derdi Said Ahmad aka dilbarlik bilan. -Muhimi, rost soʻzlash va rost yozishdir. E-he, bizning boshimiz qancha yolgʻonchi-yu, tuhmatchilarni koʻrmadi?! Gadoning dushmani gado boʻlar ekan, ukajon. Bir narsaga xursandman: oʻligim begona yurtlarda qolmadi. Doʻzax azobidan chiqib kelib ham yozdim, yozaverdim. Senga ham shuni maslahat beraman.
Bizning roʻparamizda oʻtirgan hurmatli adib, yaʼni SYA - 928 raqamli sobiq “siyosiy mahbus” besh yillik surgundan soʻng, 1955-yilda yurtiga qaytib kelganini bilardik, ammo bu haqida oʻzlari deyarli gapirmasdi. Bir gal sevimli ukaxoni, adibimiz Oʻtkir Hoshimov atrofimizda kechayotgan “gʻaroyibona” voqealardan taʼsirlanib, kattaroq romanlar yozmaysizmi, deb soʻraydi, shunda ustoz: “yozish uchun hammasini yurakdan oʻtkazish, his qilish kerak. Yurak koʻtarmaydi, yurak tamom boʻlgan, ukam, asab chidamaydi”, deb javob beradi. Said Ahmad aka hozirjavob, toʻgʻrisoʻz, oqibatli, gapga chechan kishi edi. Suhbat hazil-mutoyibaga boy, shirindan shakar boʻlib, davra qurgan mahalda atrofi odamga toʻlib ketardi.
Nihoyat, “taqdimot”imiz jiddiyroq koʻrinish olib, tandirdan uzilgan issiq nonlardek yangi kitoblar dasturxonga qoʻyilardi. Soʻng, ziyofat boshlanar, adabiy gurungda adabiyot, turmush, davr qahramoni mavzularigina emas, yaxshilik va yomonlik koʻchasida uchraguvchi ibratomuz voqealar tahlilu tadqiqdan oʻtardi...
Adabiyot muallimlarining bizga uqtirgan shunday saboqlari oʻzlari bitgan kitobdek ancha koʻlamdor, maʼnoli boʻlib, buyuk maestro chalgan ohang-u oʻlmas qoʻshiqlar yangligʻ qulogʻimiz ostida jaranglab turaverardi.
Ustoz bilan ikkinchi uchrashuvim yozgan asarlarini oʻqib-oʻrganish asnosida kechdi. Adibning uslubi shaxsiyatiga, xarakteriga juda oʻxshaydi, degan gapda jon bor. Misol uchun, Abdulla Qodiriy, Oybek, Togʻay Murodning ichki dunyosi, fikrlash tarzi, hatto soʻzlash uslubi ularning oʻlmas asarlariga koʻchganligini zamondoshlari tasdiqlaydi (“Adib zamondoshlari xotirasida” nomli turkum kitoblarni oʻqisangiz, bunga guvoh boʻlasiz). “Chamamda u yoqda meni ikkita narsa qutqarib qoldi. Bittasi hazil-huzilga oʻchligim. Yumor hissining kuchliligi. Ikkinchisi shuki, juda kam uxlayman. Doim tetik boʻlishga harakat qilaman” deguvchi edi ustoz bir gal qamoqdagi yillarini xoʻrsinish bilan eslab.
“Said Ahmad baʼzan kitobxon kulavermasa, qitiqlab kuldiradi, yigʻlayvermasa koʻziga piyoz surtib yigʻlatadi” deydi nasr ustasi, adibimiz Abdulla Qahhor. Rostdan ham, Said Ahmad ijodida kulgining koʻlami benihoya keng va rang-barang. U har gal tanlab olingan voqeaning oqimiga, qahramonlarning saviyasiga, oʻzining niyatiga mos ravishda kulgining shakllarini qoʻllaydi. “Choʻl hikoyalari” turkumida, “Kelinlar qoʻzgʻoloni” komediyasida, “Ufq” trilogiyasining baʼzi epizodlarida kulgi orqali oʻquvchining tuygʻusiga taʼsir qiladi. Ufq” trilogiyasi (1964-74)da ikkinchi jahon urushining olovli yillarida Katta Fargʻona kanali qurilishi misolida xalqimizning front orqasida koʻrsatgan mehnat qahramonligi, mehnatkashligi, toʻgʻrisoʻzligi, metin irodasini hamda urushdan oldingi va keyingi davrning muammolarini ustakorlarcha tasvirlaydi. “Jimjitlik” (1988)romanida sobiq ittifoqda ancha yillar hukm surgan turgʻunlik davri illatlarini fosh etishga harakat qiladi.
Ayniqsa, yumoristik mahorati “Kelinlar qoʻzgʻoloni” (1976), “Kuyov” (1986) komediyalarida yorqin namoyon boʻldi, desak yanglishmaymiz. Birinchi asari ming martadan koʻproq namoyish etildi, hatto oʻnlab davlatlarning sahnalarini gulga toʻldirdi. “Kelinlar qoʻzgʻoloni” spektaklida kattakon oʻzbek oilasida qaynona va kelinlar oʻrtasida mehr-oqibat, oʻzaro hurmat qadriyatlarining ustunligi (gʻarb oilasi uchun jumboqning jumbogʻi) mohirona koʻrsatilib, hatto demokratiya rivoj topgan davrlarda ham oʻzbek urf-odatlarini arab-avaylash gʻoyasi yotadi. Uning asarlari ohangi, tarovati, yumori hech kimnikiga oʻxshamaydi. Qaniydi, har bir yosh adib joʻshqin hayotning oʻzidan kulgini topib, asarlariga boplab koʻchirsa va hammani qoyil qoldirsa, degim keladi.
Hayot – muallim, u ham oʻrgatadi, ham kuldiradi, ham yigʻlatadi. Said Ahmad bir marta tili kuyganidan keyin, yirik polotnolar – romanlar yozish yoʻlidan bormadi, balki oʻzi ishlagan “Mushtum” jurnali “odob”taʼlimiga suyanib, hayotdagi kamchiliklarni xalqning nazariga tushgan miniatyuralar teatri orqali hajv ostiga olaverdi. “Yoʻqotganlarim va topganlarim” (1998), “Qorakoʻz majnun” (2001), “Kiprikda qolgan tong” (2003) kabi kitoblarida boshidan oʻtkazgan qora kunlarni xotirladi. Mazkur asarlar oʻzbek nasrining oltin xazinasidan oʻrin egalladi.
Xalq yozuvchisi, Oʻzbekiston Qahramoni, 2020-yilda bir asrlik yoshi nishonlanadigan Said Ahmad bilan uchinchi uchrashuvim Adiblar xiyobonida sodir boʻldi. Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning kuch-gʻayrati va tashabbusi bilan Xalqlar doʻstligi koʻchasida ochilgan ushbu maskanda Said Ahmad va Saida Zunnunova xotirasiga oʻrnatilgan haykal ham bor. Sevib-sevilib oila qurishga kirishgan, nikoh kuni (1949-yil noyabri oxiri) Saidaxonnnig yolgʻiz ukasi vafot etib, bazm sal keyinga qoldirilgan, yanvar oyida esa tuhmat, aldov tufayli qoʻqqisdan mahkamaga tortilib, “troyka” (“osoboye soveshaniye”) qarori bilan xalq dushmani sifatida oʻn yilga hukm qilingan, Qozogʻistonni Jesqozgʻoni qahraton sovugʻida besh yil qamoq muddatini oʻtab, onasining Usmon Yusupovga shaxsan oʻzi topshirgan xati sabab, ozodlikka chiqib, yana shu odamning tavsiyasiga koʻra, “Sharq yulduzi” jurnaliga ishga olinib, yelkasiga oftob tekkan, shu zaylda hayoti bir maromga tushib ketib, sabr-bardoshini sinab, ajoyib roman, qissalarni yozishga kirishgan Shaxsning matonati bugungi oʻzbek yoshlariga andoza boʻlishga arzigulik. Bundan ham muhimi, yurt, mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga qoʻshgan hissasini hisobga olib, davlatimiz “Buyuk xizmatlari uchun” ordeni (1990), “Oʻzbekiston qahramoni” unvoni (1999)ga loyiq koʻrdi. Agar Oʻzbekistonimiz 1991-yilda mustaqillikka erishmaganida va ijod ahliga bunchalik hurmat-eʼtibor berilmaganida, Said Ahmad va boshqa yozuvchi-yu shoirlar hozirgidek izzat-ikromga yetishmagan boʻlardi.
Men bugun yana xiyobonga, haykalning yoniga kelgach, ozgina xayolga berildim. Ikki zahmatkash adib, vafo-sadoqat timsoli, murakkab taqdirli shaxslar (Saida opa 51 yoshda, Said Ahmad aka 87 yoshda, yaʼni rafiqasining vafotidan keyin 30 yil oʻtib vafot etgan)ning ilhaq-la bir-biriga yoʻllagan maktublari, rafiqasining kundaligi “Said bilan Saida” hujjatli filmi, “Sabr-u sadoqat” 5 qismli serialini yaratishga asos boʻlib xizmat qilgandi (ssenariy muallifi adibning qizi Nodira Husanxoʻjayeva). Sevgi, andisha, kechirimlilik, sadoqat tarannum etilgan maktublarni hayajonsiz oʻqib boʻlmasdi. “Said Ahmad aka, toʻgʻri, sochimda oq tolalar koʻpaygan. Tezroq kelmasangiz, butunlay oqarib ketadi. Unda nima qilamiz? Sochingizni boʻyang, desangiz men epchilroq ham emasman. Yaxshisi, tezroq keling. Baʼzida oyim hazillashadi. “Agar shunday qilsa, men ham bir qiynayman, oʻgʻlingizning ham sochi oqaradi. Undan keyin teng boʻlamiz”, deyman. Said Ahmad aka, iloji boʻlsa xat yozib turing. Men oʻsha yerdamisiz-yoʻqmi, bilolmayapman. Juda koʻpdan xat yoʻq...
Koʻrpa-yostiq masalasi qalay? Koʻrpangiz eskib ketgandir. U yerda qanaqa beradi, bilmayman. Kerak boʻlsa yozing, bir iloj qilib yuborarman. Hurmat bilan, Saida. 1952-yil.
Oltin yaproqlarni toʻzgʻitgan kuzning
Oydinli tunida uchrashdik ikkov.
Bahor, maysalardan gʻuncha ochgan tong,
Judolik bagʻrimga tashladi olov.
Rasmingga qarayman, gʻamgin va mahzun.
Koʻzingda yonadi istiqbol nuri
Bilaman koʻksingda qaynaydi hamon
Mehru vafolarning koʻrki, gʻururi.
Said Ahmad. Qamoqdan yuborilgan dilnoma. Jezqozgʻon 3.I.53”.
Shu lahzalarda bir shogird, kitobxon sifatida uchinchi uchrashuvdan oʻzim uchun topganlarim, anglab yetganlarim oldingilaridan oʻn chandon baland ekanini his etdim. Davlatimiz rahbarining bu ajoyib gʻoyani amalga oshirishida chuqur maʼnoni anglaganday boʻldim. Adabiyot yashasa – millat yashaydi! Adabiyot – millatning koʻngli, u qahramonlari soʻzlari, daldalari yordamida qalblarga kirib boradi, insonni mayda-chuyda tashvishlardan qutulib, yuqori manzillarni koʻzlashga undaydi. Adabiyot insonnning ogʻriqlari, ilohiy ogʻriqlari. U insonnning yorugʻ orzu-intilishlarini qoʻllab-quvvatlaydigan, oʻquvchiga hayotbaxsh kuch ato etuvchi goʻzal hissiyotlar! Nasr (roman, qissa, hikoyalar) millat tafakkurini, sheʼriyat tuygʻusini tarbiyalaydi (Xorxe Borxes). Demak, fuqaroning maʼnaviy-ruhiy olami boyisa, oʻzini anglasa, fikrlay (fikrsizlikdan xudo asrasin) boshlasa, gʻayrati birdan joʻsh urib, togʻlarni zabt etishga chogʻlansa, oʻzbek oilasida pokiza muhit yaratiladi, ahillik paydo boʻladi, demak, jamiyatga toza ruh kiradi, odamlarda poklanish, tozarish uchqunlari koʻrinadi, Ovrupoga oʻxshab farovon turmush qurishga bel bogʻlaydi, davlatning maqomi, nufuzi ham birdan koʻtariladi. Millat yuksalish sari yuz buradi...
Hayot murakkab, tilsimli voqealarga juda boy. Said Ahmadga oʻxshagan sabrli va kuchlilarni yoqtiradi hayot. Umr yoʻllari boshida qiyin-qistovli kunlar boshlangani, soʻng kecha-yu kunduz tinimsiz ijod ogʻriqlari koʻpaygani bois, fikri ojizimcha, darveshu oshiqona suhbatlarga toʻymagan bu ikki sadoqatli rafiqning abadiy suhbatlar qurishiga nihoyat imkon tugʻilganidan xursand boʻldim.
Va, ularning suhbatiga xalal bermaslik uchun ohistagina xiyobondan uzoqlasha boshladim.
Muallif: Baxtiyor OMON, adib, siyosiy fanlar doktori (TATU)