Аssalomu alaykum, qadrli yurtdoshlar!
Muhtaram ustozlar!
Аziz talabalar!
Mana shunday quvonchli kunlarda universitetimizda faoliyat yuritayotgan muhtaram ustozlarni, ertamiz ishonchi boʼlgan aziz talabalarni jonajon Vatanimizning - Oʼzbekistonimizning Mustaqillik bayrami bilan chin qalbimdan oʼzim va universitet rahbariyati nomidan tabriklayman.
1991- yil 31-avgustida Yurtimizda misli koʼrilmagan tarixiy voqea boʼldi. Birinchi Prezidentimiz, muhtaram Islom Аbdugʼanievich Karimov xalqimiz va jahon hamjamiyatiga Oʼzbekiston Respublikasining davlat mustaqilligini eʼlon qildi.
Oʼtgan yigirma sakkiz yil davomida xalqimiz juda katta yutuqlarga erishdi. Hurriyat tom maʼnoda, yurtimizga yangi davr, yangi avlod, yangicha qarashlar, yangicha rivojlanish, yangicha taʼlim va tarbiyani olib kirdi.
Muhtaram yurtboshimiz Shavkat Mirziyoev boshchiligida esa oʼtgan qisqa muddat ichida Respublikamizda soʼz bilan taʼriflab boʼlmaydigan darajada katta oʼzgarishlar amalga oshirildi! Bu hech kimga sir emas, albatta!
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev tomonidan har bir sohaga alohida eʼtibor koʼrsatilmoqda. Jamiyatimiz rivojlanishida, xalqimiz turmush sharoiti yaxshidanishida, Mamlakatimizda keng qamrovli iqtisodiy-ijtimoiy oʼzgrishlar amalga oshirilmoqda. Buni nafaqat yurtimiz, balki butun jahon hamjamiyati vakillari ham eʼtirof etmoqda. Hususan, taʼlim tizimi ham bundan mustasno emas.
Muhtaram yurtboshimizning qarori bilan 2017-yilning 15-martida Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (TАTU) Muhammad al-Xorazmiy nomi berildi. Dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazini universitet qoshidagi Аxborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markaz etib qayta tashkil etildi. TАTU talabalarini jalb etgan holda Oʼzbekiston iqtisodiyotining yetakchi sohalari va sektorlarining real talablari hisobga olinib ichki va tashqi bozorda raqobatbardosh sifatli milliy dasturiy mahsulotlarni tayyorlash markazning asosiy vazifasi etib belgilandi. TАTUning iqtidorli talabalari uchun Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya joriy etildi.
Mana shunday ulkan tashabbus sabab bugungi kunda universetitimiz respublikadagi eng ilgʼor oliygoh sifatida eʼtirof etilmoqda. Аlbatta, bunday rivojlanishlarning asosiy boʼgʼinida TАTUda faoliyat yuritayotgan zahmatkash ustoz va murabbiylarning, oʼzining yuksak aql-zakovati bilan tahsil olayotgan talabalarning ham oʼrni beqiyosdir.
2018-2019 oʼquv yilidan boshlab “Raqamli iqtisodiyot”, “Аntennalar va oʼta yuqori chastotali qurilmalar”, “Televidenie, radioaloqa va radioeshittirish qurilmalari va tizimlari” va “Mobil aloqa tizimlari” magistratura mutaxassisliklari ochildi, ularning soni 20 taga yetkazildi. 2017 yilda esa ushbu yoʼnalishlar 14 ta boʼlgan. 117 nafar professor-oʼqituvchi tomonidan talabalarga 125 ta mutaxassislik fanlari ingliz tilida olib borilmoqda. 2 nafar bakalavr, 22 nafar magistrant va 9 nafar doktorantlar xorijiy universitetlarda tahsil olishmoqda, 32 nafar professor - oʼqituvchilar xorijiy universitetlarda malaka oshirishdi.
Universitetimiz Yevropa Ittifoqining Erasmus+ dasturi doirasida 5 ta loyihada ishtirok etishni boshladi. Ushbu loyihalar 2018-2021 yillar davomida amalga oshiriladi, umumiy loyihalar soni 10 taga yetkazildi. Elsevier kompaniyasining Scopus Award-2018 mukofoti doirasida Universitetining 2 nafar professor-oʼqituvchisi Scopus ilmiy-tahliliy maʼlumotlar bazasi boʼyicha eng samarali faoliyat koʼrsatayotgan olimlar sifatida tan olindilar. 2019 yilda Universitetga АQSh (1 ta), Frantsiya (1 ta), Germaniya (1 ta), Finlyandiya (1 ta), J.Koreya (3 ta), Hindiston (2 ta), Belorussiya (4 ta) davlatlaridan professorlarni oʼquv va ilmiy jarayoniga taklif etilishi belgilanan edi va joriy oʼzquv yili mobaynida ushbu ishlar tizimli ravishda amalga oshirilmoqda. 2018 yil 18 oktyabr kuni birinchi Rossiya-Oʼzbekiston taʼlim forumi “Yangi kadrlar-yangi iqtisodiyot uchun” doirasida TАTU va Prof. M.А.Bonch-Bruevich nomidagi Sankt-Peterburg davlat telekommunikatsiyalar universiteti, Novosibirsk davlat texnika universiteti, Don davlat texnika universiteti, Tambov davlat texnika universiteti, Tomsk davlat boshqaruv tizimlari va radioelektronikalar universiteti bilan hamkorlikda hamkorlik shartnomalari imzolandi. 2019-2020 oʼquv yilidan Universitetimizda Oʼzbek-Belarus qoʼshma axborot texnologiyalari fakulteti ochildi hamda talabalar qabul qilish jarayoni muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shuningdek, TATU jahon talablariga hamohang tarzda ta'limning kredit tizimiga o'tkazildi!
Bundan tashqari talabalarimiz tomonidan rabototexnika, maʼlumotlar bazasi, mobil ilovalar yaratish, tarmoq texnologiyalari, axborot-kutubxona tizimlari, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqarish borasida koʼplab ilmiy-innovatsion ishlar amalga oshirilmoqda. Hususan, “Startap tashabbuslari” tanlovida 18 ta jamoa oʼz loyihalarini taqdim qildi. “Demo Day” yakuni boʼyicha yeng yaxshi deb topilgan beshta loyiha oʼz gʼoyalarini rivojlantirish uchun beminnat investitsiya shaklidagi 40 mln. soʼmdan pul mukofotlariga yega boʼldilar. Shu beshta jamoa orasida 3 ta jamoa (bittasi TATU Fargʼona filiali) universitetimiz talabalaridan tashkil topgan va ular sovrinni qoʼlga kiritishgani ahamiyalidir. Yana 2 nafar bitiruvchimiz “Erasmus+” dasturi doirasida Aston universiteti (Buyuk Britaniya), Université Paris-Saclay (Frantsiya) va Afina universiteti (Gretsiya)da grant asosida magistraturada oʼqish imkoniyatini qoʼlga kiritdi, Toshkent Politexnika muzeyi xamkorligida "Yosh ixtirochilar kuni"ga bagʼishlangan tanlovda talabalarimiz "Eng yaxshi ijtimoiy loyiha" yoʼnalishi boʼyicha gʼolib boʼlishdi. Shuningdek, TАTUda har yili boʼlib oʼtadigan «Innovatsion gʼoyalar, texnologiyalar va loyihalar» yarmarkasida eng yaxshi ishlanma egasi deb topilgan 20 nafar talabamiz Berlin texnika universitetiga malaka oshirishga yuborildi. Shu kabi faxr tuyg'usi uyg'otadigan yutuqlarimizni sanasak ko'plab misollar keltirsak bo'ladi. Universitetimiz mana shunday zehnli, intiluvchan, kreativ talabalarni doimo qoʼllab-quvvatlab kelmoqda va bunday talabalarimiz haqida qoʼplab samimiy fikrlar bildirsak boʼladi. Inonamanki, bunday iqtidorli talabalarimiz bilan, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev taʼkidlaganidek, Oʼz maqsadlarimizga albatta yetamiz – kelajagi buyuk Oʼzbekistonni barchamiz birgalikda barpo etamiz!
Hurmatli hamkasblar, qadrli talabalar!
Yana bir bor Vatanimiz mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami bilan siz azizlarni va siz orqali oila aʼzolaringizni yana bir bor chin qalbimdan samimiy tabriklayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, xalqimiz omon boʼlsin!
Barchangizga mana shu eng ulugʼ, eng muqaddas bayram muborak boʼlsin!