Rektor va 1-bosqich talabalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi

  • Asosiy
  • Rektor va 1-bosqich talabalari uchrashuvi bo‘lib o‘tdi



 Bugun, 15-sentabr kuni Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida rektor, professor B.Maxkamov boshchiligida universitet rahbariyati, fakultetlar dekanlari hamda mas’ullar ishtirokida “AKT sohasida iqtisodiyot va menejment” va “Televizion texnologiyalari” fakultetlariga 1-bosqichga qabul qilingan talabalar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

 Uchrashuv davomida rektor yangi talabalarni TATU talabasi bo‘lganlari bilan samimiy tabriklab, ularga o‘qishda muvaffaqiyat, yangi bilim va yutuqlar tiladi. Talabalik davridan unumli foydalanish, universitetda yaratilgan imkoniyatlardan keng foydalanib, o‘z ustida muntazam ishlash muhimligini ta’kidladi.

 Shuningdek, universitet prorektorlari, fakultetlar dekanlari, kredit tizimi, ma’naviyat va ma’rifat hamda ta’lim jarayonini tashkil etish bo‘yicha mas’ullar tomonidan 1-bosqich talabalari uchun muhim bo‘lgan masalalar yuzasidan kerakli ma’lumot va tavsiyalar berildi. Talabalarga ta’lim jarayoni,
kredit-modul tizimi, universitetning ichki tartib-qoidalari, talabalarga yaratilgan imkoniyatlar hamda universitet hayotida faol ishtirok etish bo‘yicha zarur maslahatlar berildi.

 Uchrashuv yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldilar. Universitet rahbariyati yangi o‘quv yilida 1-bosqich talabalariga muvaffaqiyat tilab, ularning bilim olish va rivojlanish yo‘lidagi tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.