Jahon banki tomonidan e’lon qilib boriladigan Davlatlarning texnologik yetuklik indeksi (GovTech Maturity Index, GTMI) 2025 natijalariga ko‘ra, O‘zbekiston 9-o‘rinni egalladi.
📈 2020-yilga nisbatan mamlakatimiz 71 pog‘onaga yuqorilab, indeks qiymatini 0,617 dan 0,958 ga yetkazdi. Natijada O‘zbekiston A guruhi — “GovTech’ning yuqori darajadagi yetukligi” (Extensive GovTech Maturity) toifasida o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Indeks davlat boshqaruvida raqamli transformatsiya darajasini to‘rtta yo‘nalish bo‘yicha baholaydi: asosiy davlat tizimlari, onlayn davlat xizmatlarini ko‘rsatish, fuqarolarning raqamli ishtiroki hamda GovTech rivojlanishini qo‘llab-quvvatlovchi omillar.
🇺🇿 2025-yilgi natijalarga ko‘ra, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda 1-o‘rinni egalladi. Shuningdek, reytingda yuqori o‘rinni egallagan TOP-10 mamlakatlar – Janubiy Koreya, Avstraliya, Hindiston, Kanada kabi davlatlar qatoridan joy oldi.
📈 Shuningdek, GTMI natijalari O‘zbekistonning so‘nggi yillarda izchil o‘sish dinamikasini yaqqol namoyon etadi. Xususan, 2020-yilda mamlakatimiz 80-o‘rinda (0,617 ball) qayd etilgan bo‘lsa, 2022-yilda 43-o‘ringa (0,813 ball) ko‘tarilgan, 2025-yilda esa 9-o‘rinni (0,958 ball) egalladi.
❗️Mazkur ko‘rsatkichlar mamlakatimizda davlat boshqaruvini raqamlashtirish, elektron davlat xizmatlarini keng joriy etish hamda fuqarolar uchun qulay va samarali raqamli davlat tizimini shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar samarasini yana bir bor tasdiqlaydi.