Xotira – ajdodlarga yuksak hurmat va ehtirom ifodasi. Inson xotira bilan
tirik, qadr bilan ulug‘. Prezidentimiz tomonidan istiqlolning ilk yillaridan
el-yurtimiz taqdiriga daxldor tarixiy adolatni tiklash, ajdodlarimizning ezgu
ishlari, jasoratini ulug‘lash va abadiylashtirish, mamlakatimizda inson
manfaatlarini ta’minlashga qaratilayotgan e’tibor halqimizning ana shunday
o‘lmas qadriyatlari, bebaho ma’naviy fazilatlarini namoyon etib kelmoqda.
Ikkinchi jahon urushida jasorat ko‘rsatgan, olovli maydonlarda o‘z yurtining
tinchligi va ozodligi, oilasi, farzandlarining xotirjamligi uchun kurashgan
insonlar mudom xalqimiz ardog‘ida. Beayov janglarda jon fido qilgan bobolarimiz
xotirasi qalblarimizda abadiy yashaydi. Bugun oramizda yashayotgan 6 mingdan
ziyod ikkinchi jahon urushi qatnashchilariga davlatimiz tomonidan har tomonlama
e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Har yili, jumladan, joriy yilning 18
aprelida "Ikkinchi jahon urushi qatnashchilarini rag‘batlantirish to‘g‘risida”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Farmonining e’lon qilinishi ham shundan
dalolatdir.
Prezidentimiz Islom Karimov mudxish va ayovsiz urushning takrorlanmasligi uchun
uning ildizlari yana unib chiqishining oldini olish hozirgi vaqtda eng dolzarb,
eng muhim muammo bo‘lib qolayotganiga jiddiy e’tibor qaratmoqda. "Dunyoning
ko‘pgina mintaqalaridagi qarama-qarshilik, qurolli to‘qnashuvlar, qonli
fojealar, yon atrofimizdagi notinch ahvol, avvalo, Afg‘onistonda 35 yildan
ziyod vaqt mobaynida davom etayotgan tahlikali vaziyat Vatanimizni har qanday
balo-qazolardan asrash uchun sezgir va doimo ogoh bo‘lib yashashimizni talab
qiladi”, degan fikrlari tabiiyki, o‘z oilasini, farzandlarini ertangi kuni
haqida o‘ylaydigan hech bir yurtdoshimizni befarq qoldirmaydi.
Shundan kelib chiqqan holda, 27 aprel kuni Respublika ma’naviyat targ‘ibot
markazi bilan hamkorlikda Toshkent axborot texnologiyalari universitetida"O‘zbek xalqiga tinchlik kerak, omonlik kerak!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy
tadbir tashkil etildi. Tadbirni tashkil etishdan maqsad: talaba-yoshlarni
vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda keksalarni e’zozlash, tarixni bilish,
milliy o‘zlikni anglash fazilatlarini shakllantirish, uzoqni ko‘zlab,
yon-atrofimizdagi, dunyodagi vaziyatni xolisona tahlil qilib, birinchidan,
bugun qanday murakkab va tahlikali zamonda yashayotganimizni anglashda
yoshlarga ko‘mak berish, ikkinchidan, ularning mafkuraviy immunitetini
mustaxkamlash, uchinchidan esa, ilmli, mas’uliyatli, intizomli, vatanparvar va
fidoyi mutaxassislarni tarbiyalashda amalga oshirilish lozim bo‘lgan
vazifalarni yana bir bor tahlil qilishdan iboratdir.
Tadbirda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi vakillari Sh.Xonimov, O‘zDJTU
professori N.Jo‘rayev, shoira Sayyora To‘ychiyeva, O‘zbekiston yozuvchilar
uyushmasi mas’ul kotibi, shoira Munavvara Usmonova, Muqimiy nomidagi musiqali
teatr aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Turg‘un Beknazarov,
O‘zbek davlat teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Jumadulla
Rametov, O‘zbek milliy akademik drama teatri aktyori, O‘zbekistonda xizmat
ko‘rsatgan artist Tohir Saidov, universitet rahbariyati va talabalari xamda ommaviy axborot vositalari
xodimlari ishtirok etdilar.