Mamlakatimizning Dehli shahridagi elchixonasi tomonidan Hindistonning “Tillotoma Foundation” tashkiloti bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda islohotlar jarayoni va o‘zbek-hind aloqalari” mavzusida vebinar tashkil etildi.
Tadbirda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori Sarvar Babaxodjayev, “Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnologik parki direksiyasi” MCHJning Investitsiyalar bo‘yicha direktori o‘rinbosari Bahodir Ayupov, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining Xalqaro aloqalar boshqarmasi boshlig‘i Nodira Berdimuratova, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti professori Eʼtibor Sultonova va mazkur universitet doktoranti Ilhom Mo‘minov hamda universitet talabalari ishtirok etdi.
Shuningdek, Hindiston tomonidan “Tillotoma Foundation” tashkiloti direktori Soxam Das, Hindistonning Toshkentdagi elchixonasi maslahatchisi Shipra Gosh, Fan va texnologiyalar vazirligi Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Sanjiv Kumar Varshney hamda Mudofaa tadqiqotlari va tahlili institutining G‘arbiy Osiyo markazi rahbari Mina Singx Roy o‘z maʼruzalari bilan qatnashdi.
Vebinar “Facebook” ijtimoiy tarmog‘i orqali onlayn uzatildi hamda 400 dan ortiq ishtirokchi tomonidan kuzatib borildi.
Tadbirni mamlakatimizning Hindistondagi elchisi kirish so‘zi bilan ochib, bugungi kunda O‘zbekistondagi jadal islohotlar jarayoni, O‘zbekiston-Hindiston aloqalari va o‘zaro hamkorlik istiqbollari haqida qatnashchilarga batafsil axborot berdi.
O‘zbekiston vakillari tomonidan taʼlim, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, turizm va hamkorlikning boshqa ustuvor yo‘nalishlarida maʼruza va taqdimotlar namoyish etildi.