“Oliygohlar — startaplar generatori”: Rahbar va yoshlar uchrashuvi

  • Asosiy
  • “Oliygohlar — startaplar generatori”: Rahbar va yoshlar uchrashuvi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 11-fevraldagi PQ–59-son qarori asosida yoshlar startaplarini qo‘llab-quvvatlash hamda ularni rivojlantirish uchun vazirliklar, oliy ta’lim muassasalari va banklar hamkorligida kompleks startap ekotizimini shakllantirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

Mazkur imkoniyatlardan samarali foydalanish, talaba-yoshlarning innovatsion g‘oyalari va startap tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida “Oliygohlar – startaplar generatori” mavzusida rahbar va yoshlar uchrashuvi tashkil etildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi Moliyaviy texnologiyalar, raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha departamenti rahbari Bobur Xodjayev, Raqamli texnologiyalar vaziri birinchi o‘rinbosari Oleg Pekos, “Aloqabank” Boshqaruv raisi o‘rinbosari Farrux Maxkamov, universitet rektori Baxtiyor Maxkamov, shuningdek, tegishli soha korxonalar vakillari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdilar.

Tadbir davomida oliy ta’lim muassasalarida startap ekotizimini rivojlantirish, innovatsion g‘oyalarni amaliy natijaga aylantirish hamda yoshlarning texnologik salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, universitet talabalari tomonidan ishlab chiqilgan bir qator istiqbolli startap loyihalar taqdimoti o‘tkazilib, ular orasida UztozHUB, Tahlilchi AI, Avocado AI, Med-STT va HujjatPlus, VRED, loyihalari namoyish etildi.

Uchrashuv yakunida yoshlar bilan ochiq savol-javob va muhokamalar tashkil etildi. Talabalar o‘z taklif va tashabbuslarini bildirish bilan birga, mavjud muammolar yuzasidan savollar bilan murojaat qildilar. Bildirilgan fikr va takliflar atroflicha muhokama qilinib, yoshlar ko‘targan masalalarga amaliy yechimlar topish bo‘yicha tegishli tavsiyalar berildi.