11-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha oʻrinbosari Hilola Umarova hamda Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi oʻrinbosari Sardor Rajabov Toshkent davlat transport universiteti, Toshkent arxitektura-qurilish universiteti, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti” Milliy tadqiqot universiteti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti rektorlarining joriy yilda amalga oshirilgan ishlar boʻyicha hisobotlari hamda kelgusi yil uchun moʻljallangan strategik rejalarini koʻrib chiqdi.
Taʼlim jarayonini global iqtisodiyotning rivojlanish tendensiyalariga moslashtirish, raqamli boshqaruv tizimlarini kompleks joriy etish, taʼlim sifatini baholashning ilgʻor mexanizmlarini shakllantirish hamda professor-oʻqituvchilarning kasbiy kompetensiyasini barqaror oshirish masalalari uchrashuvda atroflicha muhokama qilindi. Shu bilan birga, ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, ularni iqtisodiyot ehtiyojlari bilan uygʻunlashtirish va innovatsion loyihalar portfelini kengaytirishga qaratilgan takliflar ilgari surildi.
Texnik va muhandislik yoʻnalishlarining dolzarbligini inobatga olgan holda, yetakchi ishlab chiqarish korxonalari bilan kooperatsiyani chuqurlashtirish, talabalar amaliyotini real sektor bilan tizimli integratsiya qilish, xalqaro ilmiy-taʼlim loyihalari investitsion resurslarini jalb etish boʻyicha ustuvor vazifalar ham belgilab olindi.