"Axborot kommunikatsiya tеxnologiyalari orqali mustahkam oila sari" loyihasi TATU Urganch filialida

  • Asosiy
  • "Axborot kommunikatsiya tеxnologiyalari orqali mustahkam oila sari" loyihasi TATU Urganch filialida

2019-yil 12-mart kuni Xorazm viloyatida “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Xorazm viloyat boshqarmasi hamda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali bilan hamkorlikda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalar ayniqsa, yosh oilalarga axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va psixologiya bilimlarini oʻrgatish orqali oʻz-oʻziga yordam koʻrsatish savodxonligini oshirishga qaratilgan bir haftalik oʻquv kurslariga start berildi. Xorazm viloyatida start berilgan ushbu loyiha mart-aprel oylari davomida Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Samarqand, Fargʻona, Qashqadaryo viloyatlarida ham amalga oshirilishi moʻljallangan.

Ochilish marosimida soʻz olgan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi Xorazm viloyat boshqarmasi boshligʻi R.Babajanov, Toshkent Axborot texnologiyalari Urganch filiali direktori Baydjanov va boshqalar oila institutini mustahkamlash sohasiga eng ilgʻor va zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish kelgusida muayyan natijalarga erishish garovi ekani xususida toʻxtalib oʻtdilar. Oʻquv kursi ochilish marosimida yana shu narsa taʼkidlandiki, har bir oʻquv kursida tizimli ravishda 15 nafardan oila vakillariga bilim berib boriladi va uni muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilar sertifikat bilan taqdirlanadilar. Bundan tashqari, kurs davomida faol ishtirok etib, oʻz bilim va koʻnikmalarini yuqori darajada namoyon etgan bir nafar oila vakiliga Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti yoki Toshkent shahridagi Inxa universitetida oʻqib, malakali mutaxassislar boʻlib yetishishlari uchun 6 oylik “Kompyuter savodxonligi” kurslariga imtiyozli imkoniyatlar beriladi.


Ma'lumot o'rnida aytish joizki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi ham oila institutini mustahkamlash, zamonaviy namunali oilalar safini kengaytirish, oila aʼzolarining bandligini taʼminlash orqali farovonlikni oshirish hamda ogʻir hayotiy vaziyatga tushib qolgan oilalarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan samarali foydalanib, yangi gʻoya va tashabbuslarni ilgari surmoqda. Loyihaga Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti va uning barcha filiallari, Toshkent shahridagi Inxa universiteti hamkorlik qilmoqda.

Loyihada qiyin ahvoldagi oilalar vakillariga qisqa muddatli oʻquv kurslarida, bir hafta mobaynida axborot-komunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda oʻz-oʻziga tezkor yordam koʻrsatish koʻnikmalari oʻrgatib boriladi.

Bunda asosiy eʼtibor, eng avvalo, kommunikatsiya tizimlarining maqsad va vazifalari, jumladan, kompyuter va mobil qurilmalari, internet tarmogʻi bilan ishlash malakasi, shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlarning veb-saytlari, ijtimoiy tarmoqlarning oʻrni va roli, onlayn tarzda yoʻlga qoʻyilgan davlat xizmatlari koʻrsatish asoslariga qaratiladi. Oʻz navbatida, psixologik omillarga ham jiddiy ahamiyat qaratilib, ruhiy tushkunlikdan chiqishda elektron adabiyotlar, audio-video materiallarga murojaat qilish koʻnikmalaridan alohida saboqlar beriladi.

Bu loyihani amalga oshirishdan pirovard maqsad esa, oʻz hayotida turfa xil oilaviy muammolarga duch kelgan oila vakillariga zamonaviy kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalanish orqali bilimi va dunyoqarashini oshirish, axborot olish, ish izlash, pirovardida, oʻz-oʻziga tezkor yordam koʻrsata olish bilimlarini oʻrganish orqali oʻziga boʻlgan ishonchini mustahkamlab, hayotga teran nigoh bilan boqishga undashdir.

TATU matbuot xizmati