Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti delegatsiyasi dunyoning eng nufuzli universiteti - Massachusetts texnologiya institutiga (Massachusetts Institute of Technology) tashrif buyurdi.
Tashrif chog‘ida MIT Innovatsiyalar ofisi ijrochi direktori Timoti Miano bilan uchrashildi. Uchrashuv davomida institutda innovatsion faoliyatni boshqarish va amalga oshirish hamda talabalar startaplarini yo‘lga qo‘yish uchun tashkil etilgan ekotizim haqida delegatsiya a’zolariga ma’lumot berildi.
Xususan, har yili o‘rtacha ikki mingdan ortiq talabalarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, venchur kapital asosida ishlab chiqarish, innovatsion faoliyatga yo‘naltirish va moliyalashtirish asoslari haqida atroflicha ma’lumot berildi. So‘ngra Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti delegatsiyasi tomonidan universitetning ta’lim, ilmiy innovatsion faoliyati haqida mezbonlarga taqdimot namoyish etildi.
Shundan so‘ng startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun tashkil etilgan imkoniyatlar, laboratoriyalar, markazlar hamda open space prinsipi asosida talabalarni mustaqil ta’lim va tadqiqotlarni olib borishlari uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishildi.
Uchrashuvlarning keyingi qismida MITning Computer Science va sun’iy intellekt laboratoriyalari strategik birlashmasi direktor o‘rinbosari Stiv Luiz bilan uchrashildi.
Mazkur uchrashuvda MITning Computer Science va sun’iy intellektning barcha laboratoriyalar hamda ularda amalga oshirilayotgan ishlar, kompaniyalar va tadqiqot markazlari bilan hamkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yilishi bilan tanishtirildi. Shu o‘rinda, mazkur birlashmada AKT sohasining taniqli olimlaridan biri Tim Berners-Lee (WWW asoschisi) ham o‘z faoliyatini olib borishi haqida tanishtirilib o‘tildi.
Ma’lumot uchun aytish mumkinki, mazkur laboratoriyalar strategik birlashmasining yillik byudjet mablag‘i 80 mln dollarni tashkil etadi.
Har ikki uchrashuv ham qizg‘in muhokamalar, savol-javoblarga boy bo‘ldi. Xususan, TATU rektori MITning mazkur ikki rahbar xodimlarini kelgusi yil TATUda bo‘lib o‘tadigan xalqaro konferensiya doirasida universitet talabalari uchun mentorlik darslari hamda master klasslar o‘tishga taklif etdi.