

10-iyun kuni Ispaniya Qirolligining Madrid shahrida O‘zbekiston va Ispaniya oliy ta’lim muassasalari rektorlarining birinchi forumi o‘z ishini boshladi.
Forum Madrid va Barselona shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan bo‘lib, unda O‘zbekistondan 30 nafarga yaqin oliy ta’lim muassasasi rektorlari, xususan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti rektori, professor B.Maxkamov ham ishtirok etmoqda.
Forum doirasida TATU rektori, professor B.Maxkamov “Opportunities for Cooperation: Green and Digital Transition” mavzusidagi panel sessiyada moderator sifatida qatnashmoqda. Mazkur sessiyada yashil va raqamli transformatsiya jarayonlarida universitetlar o‘rtasidagi hamkorlik imkoniyatlari, innovatsion ta’lim yondashuvlari hamda raqamli iqtisodiyot uchun zamonaviy kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilinmoqda.
Forum davomida Ispaniyaning yetakchi universitetlari bilan ta’lim va ilm-fan sohasida o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish, qo‘shma ta’lim dasturlari va ilmiy loyihalarni amalga oshirish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish, ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazish bo‘yicha hamkorlik masalalari ko‘rib chiqiladi.