O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “ITWomenUz” – loyihasi ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovda eng yaxshi ishlar aniqlandi

  • Asosiy
  • O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan “ITWomenUz” – loyihasi ishtirokchilari o‘rtasida o‘tkazilayotgan tanlovda eng yaxshi ishlar aniqlandi

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi Milliy agentligi qoshidagi Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center”, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent shahridagi Inha universiteti hamda Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti bilan hamkorliqda joriy yilning 19 - avgustidan boshlab “ITWomenUz” - loyihasi ilk marotaba amalga oshirilmoqda.

Mazkur loyihani amalga joriy qilishdan ko‘zlangan maqsad xotin-qizlarni zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga jalb qilish, ularni mobil ilova, veb-sayt, dasturiy mahsulotlarni yaratish, kompyuter grafikasi va dizaynerlik faoliyatiga o‘qitish hamda dasturchi sifatida shakllanishlariga ko‘maklashish orqali frilanser sifatida bandligini ta’minlashdan iboratdir.

Ma’lumot uchun, ayni paytda mamlakatimizda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida 28 ming 323 nafar dasturchi faoliyat yuritayotgan bo‘lib, ularning 8 ming 383 nafarini (29,5 foizini) xotin-qizlar tashkil etadi.


O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan iyul-avgust oylarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimlarini oshirishga va ushbu sohada ishga joylashishga ehtiyoji bo‘lgan xotin-qizlarni ko‘proq jalb etish uchun itwomen.wcu.uz sayti ishlab chiqilib, tadbirda qatnashishni xohlovchilarni onlayn tarzda ro‘yxatga olish yo‘lga qo‘yildi. “ITWomenUz” — loyihasiga joriy yilning 19 avgust kuni start berildi va 160 dan ziyod xotin-qizlar qatnashdi.

Dastavval, loyihaning birinchi bosqichida Toshkent Axborot texnologiyalari universiteti hamda Toshkent shahridagi Inha universitetida joriy yilning 19-24 avgust kunlari bir hafta davomida o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar tashkil etilib, mobil ilovalar tayyorlash, veb-saytlar yaratish, dasturiy mahsulotlar ishlab chiqish hamda kompyuter grafikasi va dizayn yo‘nalishlarida xotin-qizlarning malakasi oshirildi. So‘ngra tinglovchilarning olgan nazariy bilimlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilot va korxonalarda 26 avgust – 18 sentabr kunlari uch hafta mobaynida amaliyotga tatbiq qilindi.


“ITWomenUz” - loyihasining ikkinchi bosqichi 19 sentabrdan boshlandi va kurs ishlarini bajarishlari uchun xotin-qizlardan iborat guruhlar shakllantirildi. Xotin-qizlar kurs ishlarini ustozlari rahbarligida bajardilar va ikkinchi bosqich natijalari 16-19 oktabr kunlari O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida ekspertlar tomonidan o‘rganildi. “ITWomenUz” - loyihasi ishtirokchilari o‘zlari yaratgan veb sayt, dasturiy mahsulotlar va mobil ilovalarini hamda dizaynerlar o‘zlari chizgan elektron plakatlarini taqdimotlarini namoyon qildilar. Ekspertlar tayyorlangan barcha loyihalar bo‘yicha xulosalarini berdilar. “ITWomenUz” – loyihasi ishtirokchilarining eng muvaffaqiyatli tayyorlangan loyihalari yakuniy bosqichiga taqdim etildi.

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasida 22 noyabr kuni “ITWomenUz” – loyihasida ishtirok etgan xotin-qizlar o‘rtasida “Eng yaxshi mobil ilova”, “Eng yaxshi veb-sayt”, “Eng yaxshi dasturiy mahsulot”, “Eng yaxshi elektron plakat” nominatsiyalari bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Ekspertlar kengashi a’zolari tomonidan nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi ishlar aniqlandi.

Joriy yilning 4 dekabr kuni Tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkaziladi va g‘olibliqni qo‘lga qiritgan dasturchi xotin-qizlar diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi. Shuningdek, xotin-qizlarning loyiha doirasida o‘tkazilgan o‘quv-amaliy mashg‘ulotlarda hamda amaliyot davomida erishgan natijalari baholanib, yaxshi ko‘rsatkichlarni qayd etgan ishtirokchilarga sertifikat beriladi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida tadbirkorlik faoliyatini tashkil qilish istagida bo‘lgan “ITWomenUz” - loyihasida ishtirok etgan xotin-qizlarga kredit mablag‘lari ajratiladi.

TATU matbuot xizmati