Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida axborot kommunikatsiya texnologiyalarining imkoniyatlari va tadbiqiga bag‘ishlangan “International Conference on Information Science and Communications Technologies: Applications, Trends and Opportunities – ICISCT2020” xalqaro ilmiy-texnik onlayn konferensiyasi o‘z ishini boshladi.
Konferensiya Xalqaro Elektronika va Elektrotexnika Muxandislari instituti (IEEE) bilan hamkorlikda TATU va uning Samarqand filialida o‘tkazilmoqda. Konferensiyada AQSh, Kanada, Saudiya Arabistoni, Janubiy Koreya, Hindiston, Malayziya, Xitoy Xalq Respublikasi kabi dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlaridan ilg‘or oliy ta’lim muassasalari va ilmiy tadqiqot markazlarining yetakchi olimlari, tadqiqotchilari va izlanuvchilari ishtirok etmoqda.
Konferensiyaning asosiy maqsadi – axborot kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilmiy tadqiqotlarini amalga oshirayotgan olimlar va izlanuvchilarni ilmiy tadqiqot natijalarini muhokama qilish, o‘zaro bilim almashinish va kelgusi tadqiqotlar yo‘nalishlarini belgilash bo‘yicha fikrlar almashinish hisoblanadi.
Konferensiyaning tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha tashkil etilgan sho‘balari ertaga 5-noyabr kuni ham o‘z ishini davom ettiradi.
Konferensiyaning 6-noyabrga mo‘ljallangan dasturi doirasida xorijiy professorlar TATU va uning filiallari yosh olimlari, magistrant va doktorantlariga zamonaviy texnologiyalar va ular ustida tadqiqotlar bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkazish rejalashtirilgan.
Ushbu onlayn konferensiyada koʼtariladigan masalalar axborot kommunikatsiya sohasida vujudga kelayotgan muhim masalalarni yechishda, ilgʼor texnologiyalarni jamiyatimizga tadbiq etilishi hamda mutaxassislar oʼrtasida bilim va tajriba almashinish uchun katta tajriba maydonchasi boʼladi.
TATU matbuot xizmati